00:37 / 08.02.2023
12021

O‘zbekiston Turkmanistondan yetkazilmagan gaz uchun pul kompensatsiyasi talab qilmagan - Energetika vazirligi

Shuningdek, Turkmanistondan suyultirilgan gaz partiyasi O‘zbekistonga «do‘stona va birodarlik bilan qo‘llab-quvvatlash maqsadida bepul taqdim etilgan».

Foto: centralasia.media

Turkmanistondan gaz yetkazib berilishida uzilish bo‘lgani uchun O‘zbekiston katta miqdorda pul kompensatsiyasi talab qilgani haqidagi xabar asossiz. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

«Energetika vazirligi ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emasligi va mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qiladi… Shuni alohida ta’kidlaymizki, Turkmaniston tomonidan O‘zbekistonga do‘stona va birodarlik bilan qo‘llab-quvvatlash maqsadida suyultirilgan gaz partiyasi bepul taqdim etildi», deyiladi xabarda.

Energetika vazirligi Turkmaniston tomonidan taqdim etilgan suyultirilgan gaz yaqin kunlarda ehtiyojmand oilalarga bepul tarqatilishini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq, Turkmanistondagi eng yirik «Galqinish» gaz konida yuz bergan avariya va O‘zbekistonga gaz yetkazib berishning to‘xtab qolishida aybdor deb topilgan mansabdor shaxslar hibsga olingani haqida xabar berilgan edi.

Turkmen.news portalining xabar berishicha, O‘zbekiston tomoni gaz yetkazib berilishida uzilish bo‘lgani uchun Turkmanistondan katta miqdorda pul kompensatsiyasi talab qilgan. Biroq muzokaralardan so‘ng, O‘zbekiston tomoni yetkazilgan zarar miqdorida suyultirilgan gaz olishga rozi bo‘lgan. Turkmaniston rasmiy matbuotida suyultirilgan gazning bepul berilishi «qo‘shni davlatga do‘stona va birodarlik yordami» sifatida taqdim etilgan. Manbaning qayd etishicha, Turkmaniston tomoni O‘zbekistondan bu harakatlarga izoh bermaslikni so‘ragan.

Mavzuga oid
Top