Turkmanistonda O‘zbekistonga gaz yetkazib berish uzilib qolgani tufayli mansabdorlar hibsga olindi
Shuningdek, Turkmaniston O‘zbekistonga bepul suyultirilgan gazni «kompensatsiya» tariqasida yetkazib berishi aytildi.
Turkmanistonning «Turkmengaz» davlat konsernida 6 kishi, jumladan, Moddiy-texnika resurslari va asbob-uskunalar boshqarmasi rahbari Shuhrat Ajdarov va «Turkmengazaqdirish» uyushmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Shuhrat Chopanov hibsga olindi. Ular Turkmanistondagi eng yirik «Galqinish» gaz konida yuz bergan avariya va O‘zbekistonga gaz yetkazib berishning to‘xtab qolishida aybdor deb topilgan. Bu haqda Turkmen.news xabar berdi.
Qayd etilishicha, «Turkmengaz» rahbari Botir Amanov va uning o‘rinbosari Otamurod Choriyev hozircha jazodan qutulib qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Turkmaniston bosh prokuraturasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Galqinish konidan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish to‘xtab qolgan 6 kunda yetkazilgan zarar miqdori 59,7 million dollarni tashkil qilgan. Bundan tashqari, Turkmanistonni Xitoyga gaz yetkazib bermagani uchun ham jarima kutmoqda.
Galqinish konida avariya yanvar oyining eng sovuq kunlarida quritish datchiklari ishlamay qolgani oqibatida yuz bergan edi.
Turkmen.news manbasining xabar berishicha, O‘zbekiston tomoni gaz yetkazib berilishida uzilish bo‘lgani uchun Turkmanistondan katta miqdorda pul kompensatsiyasi talab qilgan. Biroq muzokaralardan so‘ng, O‘zbekiston tomoni yetkazilgan zarar miqdorida suyultirilgan gaz olishga rozi bo‘lgan. Turkmaniston rasmiy matbuotida suyultirilgan gazning bepul berilishi «qo‘shni davlatga do‘stona va birodarlik yordami» sifatida taqdim etilgan.
Manbaning qayd etishicha, Turkmaniston tomoni O‘zbekistondan bu harakatlarga izoh bermaslikni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, 12 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov Ashxobodga tashrif buyurib, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov bilan uchrashdi. Safar chog‘ida O‘zbekistonga qo‘shimcha ravishda kuniga 20 mln kub metr gaz berish (3 oyda jami 1,5 mlrd kub metr) bo‘yicha kelishuvga erishilgan va shartnoma imzolangan edi.
12 yanvar kuni «Turkmengaz» tomonidan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatildi. Bunga «Galqinish» gaz konida yuz bergan avariya sabab bo‘lgani aytildi. 21 yanvar kunidan gaz yetkazib berilishi tiklangan edi.
Mavzuga oid
16:26 / 12.12.2024
Abdulaziz Komilov Turkmanistonning «Hurmatli el yoshullisi» unvoni bilan taqdirlandi
15:25 / 06.12.2024
Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytiradi
19:33 / 05.12.2024
Turkmaniston O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan bojxona postini foydalanishga topshirdi
18:02 / 05.12.2024