22:26 / 08.02.2023
20309

«Shimoliy oqim» quvurlari AQSh tomonidan portlatildi – jurnalist Seymur Hersh

AQSh harbiy-dengiz kuchlari Rossiyaga tegishli «Shimoliy oqim» quvurlarini portlatish uchun suvosti kemalaridan foydalangani aytildi.

Foto: substack.com / Seymour Hersh

Qo‘shma Shtatlar «Shimoliy oqim» quvurlaridagi diversiyaga aloqador, bu haqda jurnalistik surishtiruvlarga ixtisoslashgan amerikalik publitsist Seymur Hersh yozdi.

Jurnalist so‘zlariga ko‘ra, maxfiy operatsiya AQSh harbiy-dengiz kuchlari tomonidan uyushtirilgan, bombalarni joylashtirish uchun suvosti kemalaridan foydalanilgan.

Reja milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan tomonidan ishlab chiqilgan. Muhokamada AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va uning o‘rinbosari Viktoriya Nuland ham ishtirok etgan. Aytilishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden operatsiyadan xabardor bo‘lgan.

Portlovchi moslamalar g‘avvoslar yordamida o‘rnatilgan. Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Amerika maxsus kuchlaridan foydalanmagan, chunki bu holda operatsiya haqida Kongressga xabar qilinishi kerak edi. Ular jarayonning sir saqlanishini xohlashgan.

Diversiya Baltops-2022 o‘quv-mashg‘ulotlari niqobi ostida o‘tkazilgan. Amerikaliklarga Norvegiya dengizchilari ham yordam bergan. Portlovchi moslamalar g‘avvoslar tomonidan o‘rnatilgan va masofadan boshqarilgan.

Portlash 26 sentabr kuni AQSh floti mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan hududni tark etganidan keyin sodir bo‘lgan.

Seymur Hersh so‘zlariga ko‘ra, Oq uy va Markaziy razvedka boshqarmasi vakillari Rossiya gaz quvurlaridagi portlashlarga aloqasi borligi haqidagi ma’lumotni rad etib, uni yolg‘on va uydirma deb atagan. Oq uy matbuot kotibi Edriyen Uotsondan izoh so‘ralganida, «Bu yolg‘on va mutlaq uydirma», deb javob bergan. Markaziy razvedka boshqarmasi matbuot kotibi Temmi Torp «Bu bayonot mutlaqo yolg‘on», degan.

2022 yil 27 sentabr kuni ertalab NordStream AG kompaniyasi Boltiq dengizi tubidan Germaniyaga o‘tuvchi ikkita gaz quvurida («Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim 2») misli ko‘rilmagan portlash yuz berganini ma’lum qildi. Bir necha mamlakatlar tomonidan olib borilgan rasmiy surishtiruv va tergov natijalari bo‘yicha diversiyada aybdor tomon e’lon qilinmadi. Diversiya oqibatida Rossiyadan Yevropaga gaz yetkazish imkoniyatiga barham berildi. Quvurlarning qachon ta’mirlanishi ma’lum emas.

Seymur Hersh 1937 yilda Amerikaning Chikago shahrida tug‘ilgan, jurnalist, huquq himoyachisi, Pulitser mukofoti sohibi. Surishtiruv jurnalistikasi janrida ish olib boruvchi eng yaxshi mualliflardan biri. «Jang maydonini tayyorlash. Bush ma’muriyati Eronga qarshi maxfiy operatsiyalarni ko‘paytirmoqda», «MRBning Chiliga qarshi maxfiy urushi», «Kamelotning qorong‘i tomoni», «Qonundagi qotillar MRB xizmatida» nomli shov-shuvli maqolalar muallifi.

Hershning maqolalari ba’zan tanqidlarga ham uchrab turadi. Misol uchun, Los-Angeles Times nashri uni so‘l kommunistik g‘oyalar tarafdori sifatida ochiq ayblagan.

Mavzuga oid
Top