Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Inklyuzivlik”ka stop: AQSh 30 mlrd dollarlik mablag‘ni bloklashi mumkin
AQSh Davlat departamenti butun dunyo bo‘ylab AQSh diplomatik vakolatxonalaridan yangi qoidalarga muvofiqligi nuqtai nazaridan yordam dasturlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Qoidalar 26 fevraldan kuchga kiradi va Tramp ma’muriyati “radikal mafkura” deb tushunadigan narsaga qarshi kurashga qaratilgan.
Foto: Getty images
AQSh Davlat departamenti Amerika diplomatik vakolatxonalariga butun dunyo bo‘ylab yordam dasturlarini yangi qoidalarga mosligi nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishni buyurdi. Ushbu qoidalar xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik (diversity, equity and inclusion — DEI) masalalari bilan shug‘ullanuvchi guruhlarni, oilaviy rejalashtirishni va “gender mafkurasi”ni moliyalashtirishni taqiqlaydi. Bu haqda Reuters agentligi 29 yanvar, payshanba kuni AQSh tashqi siyosat idorasining telegrammasiga tayanib xabar qildi.
Yangi qoidalar 26 fevraldan kuchga kiradi. Gap taxminan 30 mlrd dollar (25 mlrd yevro) miqdoridagi moliyalashtirish haqida ketmoqda — u AQShda joylashgan tashkilotlarga ham taalluqli.
Bundan tashqari, xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT)ga hatto kelib chiqishi Amerikadan bo‘lmagan donorlar mablag‘laridan ham Tramp ma’muriyati “radikal mafkura” deb hisoblaydigan maqsadlar uchun foydalanish taqiqlanadi.
Telegrammada yordam loyihalarini baholash jarayonini boshlash va yangi qoidalarni amalga oshirish (implementatsiya) uchun jamoalar tuzish talab etilgan.
AQSh Davlat departamentidagi amaldorlar ba’zi tashkilotlar bu siyosatga rioya qilmasligi va AQSh moliyalashtirishidan voz kechishi mumkinligini kutmoqda. Ular haqidagi ma’lumotlar alohida elektron pochta manziliga yuborilishi kerak.
Telegrammada aytilishicha, davlat kotibi Marko Rubio ayrim istisnolarga yo‘l qo‘yishni mumkin deb topgan — bu choralar “hayotni saqlab qolishga qaratilgan amaldagi dasturlar, tabiiy ofatlarga javob choralari va boshqa o‘ta muhim ustuvor yo‘nalishlar”ga putur yetkazmasligini ta’minlash maqsadida.
Tramp inauguratsiyadan keyin chiqargan ilk farmonlardan biri federal idoralarning barchasida xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik dasturlarini bekor qilish bo‘ldi. Tramp ma’muriyati da’vo qilishicha, bu tashabbuslar “ijobiy diskriminatsiya”ga olib keladi — ya’ni ish beruvchilar xodimlarni kasbiy salohiyatiga qarab emas, balki irq, jins yoki boshqa belgiga ko‘ra ishga oladi.
Tramp tashkil etgan Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) xodimlari ta’lim va tibbiyot tizimlarida xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan shartnomalarni bekor qilish ustida ishlay boshladi. Shundan keyin AQSh korporatsiyalari ishga qabul qilishda xilma-xillik va inklyuzivlik tamoyillaridan voz kecha boshladi.
AQSh ma’muriyati 2025 yil 1 iyul kuni Xalqaro rivojlantirish agentligi — USAID'ni rasman yopdi. Davlat kotibi Marko Rubio Oq uyning bu qarorini agentlik faoliyati ehtimoliy samarasizligi bilan, shuningdek hozirgi ma’muriyat ustuvor maqsadi AQSh milliy manfaatlarini amalga oshirish ekani bilan izohladi.
Rubio so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati USAID'ning minglab dasturlar bo‘yicha xarajatlarini tahlil qilib, uning o‘n yilliklar davomida — inflatsiyani hisobga olgan holda — 715 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflaganini aniqlagan. Shu bilan birga, davlat kotibi AQSh rivojlanish bo‘yicha qo‘yilgan maqsadlarga erishilmagani yaqqol ekanini aytgan.
Marko Rubio USAID orqali eng ko‘p yordam olgan mamlakatlarni o‘zaro qadamlardan (o‘zaro javob harakatlaridan) bosh tortishda aybladi. Xususan, 1991 yildan buyon 165 mlrd dollar olgan Sahroi Kabirdan janubiy Afrika davlatlari BMTda muhim rezolyutsiyalar bo‘yicha ovoz berishda AQShni bor-yo‘g‘i 29 foiz holatda qo‘llab-quvvatlagan, dedi Rubio va “hokimiyat tomonidan ma’qullangan samarasizlikning bu davri tugadi”, deya bayonot berdi.
Mavzuga oid
16:08
Tramp Putin kuchli sovuq tufayli Kiyevga zarbalarni to‘xtatib turishini aytdi
13:54
O‘zbek diplomatlari Pensilvaniyadagi vaqtincha saqlash markaziga tashrif buyurdi
10:41
Venesuela neft sohasini xususiy investorlar uchun ochdi
08:46