08:59 / 09.02.2023
4893

Germaniya va Polsha Leopard 2 yetkazib beruvchi davlatlar yig‘ilishini chaqirmoqchi

Germaniya va Polsha Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yetkazib beruvchi davlatlar yig‘ilishini chaqirmoqchi, deb xabar berdi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari Varshavada.

Boris Pistorius / Foto: AP

G‘arb hamkorlari Leopard 2 jangovar tanklarining birinchi batalonini yil boshidan uch-to‘rt oy ichida Ukrainaga yetkazib berishi mumkin. Bu haqda 8 fevral, chorshanba kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Varshavaga tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.

«Biz kamida bitta batalonni joriy yilning dastlabki to‘rt, balki uch oyida yetkazib berimiz mumkin, keyin esa iloji boricha tezroq harakat qilishimiz tabiiydir», dedi Pistorius va batalon taxminan 31 tankdan iborat bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Vazirlik rahbari, shuningdek, Germaniya va Polsha Ukrainaga Leopard 2 yetkazib berishni rejalashtirayotgan davlatlar yig‘ilishini chaqirmoqchi ekanini aytdi. Bunday format ushbu davlatlar manfaati uchun xizmat qiladi, deb qo‘shimcha qildi Pistorius Varshavada Polsha milliy mudofaa vaziri Mariush Blashchak bilan uchrashuvdan keyin.

Bundan oldin, 7 fevral kuni Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari Kiyevda mer Vitaliy Klichko bilan uchrashgan edi. Tomonlar Kiyevga harbiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatishni muhokama qilgan. «Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi – qurol ham, iqtisodiy yordam ham, siyosiy ko‘mak ham bo‘ladi», — deb yozdi Klichko Facebook'da. Yevropalik hamkorlar Ukrainani zarur qurol-yarog‘ bilan tezroq ta’minlash bo‘yicha qaror qabul qilishga bel bog‘lagan, deya qo‘shimcha qildi siyosatchi. Kiyevda Pistorius Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov bilan ham uchrashdi.

7 fevral kuni Germaniyaga Leopard tanklarini ishlatish bo‘yicha tayyorgarlikka yuborilgan ukrainalik harbiylar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvni sharhlar ekan, Pistorius bu unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi: «Bu odamlarning yuzlari ichlarida nimalar bo‘layotganini, qanday yuklamaga duch kelayotganini, frontdan yaqinda qaytganlar u yerda boshidan o‘tkazganlari qanday bosim qilayotganini ko‘rsatib turibdi».

«Ko‘ryapsizmi, ular hozir Germaniyaga boradi, Leopard tanklari bilan tanishadi, mashg‘ulotlardan o‘tadi, keyin qaytib kelib, yana frontga ketadi. Bu aql bovar qilmaydigan yuk. Bu mening ukrainaliklar ko‘rsatayotgan narsaga hayratimni va hurmatimni oshiradi», - deya qo‘shimcha qildi Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top