07:43 / 09.02.2023
7494

Makron va Shols Zelenskiyni Ukraina qo‘llab-quvvatlanishiga ishontirdi

Parij va Berlin urushda g‘alaba qozonmaguncha Ukrainaga yordam berishda davom etadi, deb ma’lum qildi Fransiya va Germaniya yetakchilari. Ukraina prezidenti og‘ir qurollar va samolyotlarni «imkon qadar tezroq» yetkazib berishga chaqirdi.

Foto: Sarah Meyssonnier/Reuters

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parij Ukrainaga Rossiya bosqiniga qarshi kurashda g‘alaba qozonishi va qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha «sa’y-harakatlarni davom ettirishiga» va’da berdi. Makron 8 fevral, chorshanba kuni kechqurun Germaniya kansleri Olaf Shols va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Yelisey saroyida bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Fransiya «Ukrainaga g‘alaba qozonishi va uning qonuniy huquqlarini tiklashiga yordam berishga qat’iy» dedi.

Makronning so‘zlariga ko‘ra, kechki ovqat paytida tomonlar Kiyevning «operativ ehtiyojlari»ni muhokama qiladi. «Ukraina Fransiyaga, uning yevropalik hamkorlari va ittifoqchilariga urushda g‘alaba qozonishiga ishonishi mumkin. Rossiya g‘alaba qozona olmaydi va g‘alaba qozonmasligi ham kerak», deb ta’kidladi Fransiya rahbari.

Shuningdek, Shols Zelenskiyni Makron tomonidan tashkil etilgan muzokaralarda ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlash davom etishiga ishontirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir yil avval Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy bostirib kirishi boshlanganidan beri Germaniya va uning hamkorlari Kiyevni «moliyaviy, gumanitar yordam va qurol-yarog‘ bilan» qo‘llab-quvvatlagan. «Biz bu ishni zaruratga qadar davom ettiramiz», dedi Germaniya kansleri.

Zelenskiy, o‘z navbatida, Fransiya va Germaniyani «imkon qadar tezroq» Kiyevni jangovar samolyotlar va og‘ir qurollar bilan ta’minlashga chaqirib, Rossiya bosqiniga qarshi kurashda vaqt muhimligini aytdi. «Ukraina uzoq masofaga mo‘ljallangan og‘ir qurollarni qanchalik tez olsa, uchuvchilarimiz samolyotlarni qanchalik tez qabul qilsa, Rossiya agressiyasi shunchalik tez tugaydi va Yevropada tinchlikka qaytishimiz mumkin bo‘ladi», - dedi u.

Ukraina rahbari Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak bilan uchrashgan Londonga tashrifi yakunida Parijga yetib keldi. Prezident Britaniya vazirlar mahkamasi rahbariga frontdagi vaziyat hamda Ukraina qurolli kuchlarining qurol-yarog‘ va harbiy texnikaga bo‘lgan asosiy ehtiyojlari haqida ma’lumot berdi. Parijdan keyin Zelenskiy Yevropa Ittifoqi sammitida ishtirok etish uchun Bryusselga borishi kutilmoqda.
 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top