13:16 / 09.02.2023
9733

Prigojin «Vagner» mahbuslarni yollashni to‘xtatganini ma’lum qildi

Prigojinning matbuot xizmati koloniyalarda urushga yollash jarayoni tugagani haqida yozgan. Ayni paytda, «Agenstvo»ning xabar berishicha, agar mahbuslar yollanma askar sifatida frontga borishdan bosh torsa, yangi jazo muddatlari bilan tahdid qilingan.

Yevgeniy Prigojin / Foto: Kommersant’

«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojinning ta’kidlashicha, uning shaxsiy harbiy kompaniyasi endi Rossiya koloniyalarida yangi askarlarni yollamayapti. «Vagner» XHKga mahbuslarni yollash butunlay to‘xtatildi. Hozir bizda ishlayotganlar uchun barcha majburiyatlar bajarilmoqda», deb xabar berdi uning matbuot xizmati 9 fevral, payshanba kuni «Kepka Prigojina» Telegram-kanalida Live24 nashrining savoliga javoban. Live24 «ko‘p sonli mahbuslar»ga ishora qilib, koloniyalarda askarlarni yollash bir oydan ortiq vaqt davomida amalga oshirilmaganini va matbuot xizmatining o‘zi endi ozodlikdan mahrum qilish joylariga kelmasligini yozdi. 

Ayni paytda, bir kun oldin «Agenstvo» mustaqil nashri Rossiya koloniyalarida «Vagner» guruhiga qo‘shilishdan bosh tortgan mahbuslarga yangi muddatlar bilan tahdid qilinayotgani haqida xabar berdi. «Mahkumlarga, agar ular frontga borishga rozi bo‘lmasa, yangi jinoiy ishlar bilan tahdid qilina boshladi. Tergov izolyatoridagi mahbuslarga esa, agar ular Ukrainaga borsa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi va’da qilingan», - deyiladi «Agenstvo. Novosti» Telegram-kanalida ikki advokat va huquq himoyachisiga tayangan holda.

Advokat Yana Gelmelning so‘zlariga ko‘ra, Samara va Rostov viloyatlari, Krasnodar o‘lkasi va Shimoliy Kavkaz mintaqalaridagi koloniyalarda xavfsizlik kuchlari mahkumlarni frontga ketishga majbur qilmoqda. «Ichki ishlar vazirligi yoki «FSB» tezkor xodimlari kelib, 10-20 yil oldingi eski ishlarni ko‘tarishga va’da bergan, ular bo‘yicha da’vo muddati allaqachon o‘tib ketgan, ular urushga borishdan bosh tortganlarga nisbatan ish qo‘zg‘atamiz, deb qo‘rqitgan», dedi mahbuslar manfaatlarini himoya qiluvchi Gelmel agentlikka. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir, o‘tgan yoz va kuzdan farqli o‘laroq, Ukrainada o‘ldirilgan va yaralangan yollanma askarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar koloniyalarga yetib boradi, shuning uchun kamroq mahbuslar «Vagner» XHKga qo‘shilishga rozi bo‘lyapti.

O‘z navbatida, Permdan bo‘lgan huquq faoli Oksana Asaulenko jurnalistlarga Perm o‘lkasidagi koloniyalardagi bunday bosimlar haqida gapirib berdi. Yana Gelmel va «Agenstva»ning ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan boshqa suhbatdoshi, asosiy yollash Ukraina chegarasiga yaqin hududlardagi koloniyalarda amalga oshirilayotganini, ulardan avtomobil orqali tezda frontga yetib borish mumkin ekanini ta’kidladi. 

«VChK-OGPU»ning Telegram-kanali mahbuslarning «Vagner» XHKga yollanmoqchi emasligi haqida shunday yozadi: «Mahbuslar endi XHKga qo‘shilishni xohlamayapti, chunki taxminan 10 foizi tirik qoldi». Yanvar oyida kanalning anonim suhbatdoshi: «Zonalarda yangi reydlar boshlandi, ammo bu xuddi qoshiq bilan bo‘sh tovaning tagini sidirib tashlashga o‘xshaydi. Imkoniyati bo‘lganlarning hammasi avvalroq yollangan», deb aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi askarlar bilan bog‘liq katta muammolar «Soledar va Ukrainaning boshqa aholi punktlaridagi janglarda jiddiy yo‘qotishlardan keyin» boshlangan. 

Avvalroq «Mediazona» 2022 yil oxirida «Vagner» XHKga yollash boshlangan koloniyalardagi ikkinchi bosqich haqida xabar bergan edi. Yollanma askarlarning birinchi to‘lqini allaqachon halok bo‘lgan va hozirda yuqori xavf haqidagi ma’lumotlarning tarqalishi tufayli ko‘ngillilar sezilarli darajada kamaygan, deb yozadi nashr. 

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil yozi va kuzi oxirlarida koloniyalarga shaxsan kelib, u yerdagi mahbuslarni yollagan Yevgeniy Prigojin endi ozodlikdan mahrum qilish joylariga bormay, qo‘l ostidagilarini u yerga jo‘natyapti. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top