Jahon | 11:11 / 09.10.2025
2993
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya uchun jang qilgan qozog‘istonlik o‘z vatanida 5 yilga qamaldi

Ukrainada «Vagner» XHK safida jang qilgan qozog‘istonlik Timur Praliyev AQShga qochishga uringan, biroq deportatsiya qilingan. U o‘z vatanida besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Olmaota sudi Qozog‘iston fuqarosi Timur Praliyevni besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. U "Vagner" XHK tomonidan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashish uchun yollangan va keyinchalik Malidagi guruh uchun yollanma askar sifatida xizmat qilgan. Bu haqda 8 oktyabr, chorshanba kuni Qozog‘istonning Orda portali xabar berdi.

Sud qaroriga ko‘ra, Praliyev 2022 yil kuzida Rossiya tomonidan yollangan va o‘sha yilning noyabr oyidan Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u aloqa mutaxassisi bo‘lib xizmat qilgan, Baxmutni qo‘lga olishda qatnashgan va Rossiyada bir nechta medallar bilan taqdirlangan. 2023 yilda Praliyev Qozog‘iston fuqaroligini saqlab qolgan holda Rossiya pasportini ham oldi.

Jurnalistlarning yozishicha, Praliyev Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga yuborilganidan tashqari, 2024 yilda Malidagi "Vagner" XHK faoliyatida ishtirok etgan. Bu "Vagner" XHK rahbari Yevgeniy Prigojinning isyonidan keyin sodir bo‘lgan. Ushbu voqealardan so‘ng Kreml "Vagner guruhi"ning o‘ziga sodiq qolgan yollanma askarlarining bir qismini Maliga o‘tkazdi va ular u yerda 2025 yil iyunigacha qoldi.

Praliyev Qozog‘istonda «xorijiy qurolli mojarolarda ishtirok etish»da aybdor deb topilib, besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu Qozog‘iston Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bo‘yicha eng kam jazo, deya qayd etadi Orda. Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 172-moddasida bunday harakatlar «yollanma faoliyat alomatlari mavjud bo‘lmagan holda» sodir etilishi kerakligi, yollanma shaxsning o‘zi esa Rossiya Jinoyat kodeksining 170-moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortiladi, biroq Qozog‘istonda uning qo‘llanishi hali qayd etilmagan.

Mavzuga oid