18:34 / 13.02.2023
18528

Eron Rossiyaga uzoq masofaga uchuvchi yangi jangovar dronlarni yubordi - OAV

Rossiya ushbu dronlardan Ukrainaning muhim infratuzilmasiga zarba berish uchun foydalanmoqda.

Foto: Getty Images

Eron o‘tgan yili Rossiyaga uzoq masofaga uchuvchi jangovar dronlar partiyasini kontrabanda yo‘li bilan yuborgan. Bu haqda Britaniyaning Guardian nashri Erondagi manbalariga tayanib yozdi.

Qayd etilishicha, gap Rossiya tomonidan Ukrainaning muhim infratuzilmasiga zarba berishda foydalaniladigan «Shohid» kamikadze dronlari haqida emas. Moskva uzoq masofadan raketa zarbalarini berish imkoniyatiga ega murakkabroq dronlarni olgan.

Nashrning yozishicha, 2022 yilning noyabr oyida rossiyalik 10 nafar ofitser va muhandisdan iborat delegatsiya Tehronga borgan. Ularga Eron harbiy texnologiyalarining barcha imkoniyatlari namoyish etilgan. Ruslar oltita «Muhojir-6» dronini tanlagan, ular 200 km masofaga ucha oladi va har bir qanoti ostida ikkitadan raketaga ega.

Shuningdek, ular yerdagi nishonlarga zarba bera oladigan «Shohid-191» va «Shohid-129» droniga qiziqish bildirgan. Kamikadze dronlaridan farqli o‘laroq, bunday qurilmalar zarba berganidan so‘ng, bazaga qaytib kela oladi.

Shu bilan birga, Eron 54 kishidan iborat muhandislar guruhini Moskvaga rossiyalik harbiylarga dronlarni boshqarishda yordam berish uchun yuborgan.

«Rossiya Turkiyaning Bayraktar-TB2 dronlari bilan taqqoslanadigan murakkabroq apparatlarni olishni istagan bo‘lishi mumkin, chunki Ukraina past balandlikda uchadigan kamikadze-dronlarga qarshi kurashda muvaffaqiyat qozonmoqda», deb yozdi nashr.

Rossiyaga yuborilgan dronlar yaqinda havo zarbalariga uchragan Isfaxon shahridagi zavodda ishlab chiqarilgan. Amerika matbuotiga ko‘ra, bu hujum ortida Isroil turibdi, uning asosiy maqsadi o‘z xavfsizligi edi.

Gazetaning yozishicha, Rossiyaga yetkazilgan dronlar partiyasi 20 noyabr kuni Ukrainaga qarshi qo‘llangan. Moskva bunday dronlarni ko‘proq olishini xohlagan edi, ammo zarbalardan so‘ng Isfaxon zavodiga katta zarar yetdi, deydi mualliflar.

Rossiya noyabr oyida olgan «Muhojir-6» dronlari havoda olti soat qolishi mumkin va elektr quvvati bilan ishlaydi. Ular 40 kilogrammli bombalarni olib yuradi va yuqori aniqlikdagi yo‘naltirish tizimi bilan jihozlangan, deb yozdi Guardian.

Shu bilan birga, «Shohid-129» droni 60 kg og‘irlikdagi raketani olib yurishi mumkin, ammo havoda to‘rt soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqt davomida qoladi. «Shohid-191» dronining parvozi davomiyligi besh soatni tashkil qiladi va 70 kg og‘irlikka ega bombalarni ko‘tara oladi. Bu ikkala dron ham Germaniyada ishlab chiqarilgan, modifikatsiyalangan dvigatellar bilan jihozlangan.

Guardian manbalariga ko‘ra, Rossiyani radioelektron urush tizimlari mavjud bo‘lgan sharoitda ishlay oladigan dronlar ko‘proq qiziqtiradi.

Eron rasmiylari Rossiyaga harbiy yordam berayotganini, jumladan, Ukrainadagi urushda qo‘llanilayotgan dronlarni yuborayotganini tan olmagan.

Top