22:33 / 14.02.2023
14598

Turkiya og‘ir damda uzatilgan yordam qo‘llarini unutmaydi - Erdo‘g‘an

Turkiya prezidenti halokatli zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda yordamga shoshilgan barcha davlatlarga minnatdorchilik bildirdi. 

Foto: Anadolu Agency

Turkiya qiyin damlarda cho‘zilgan yordam qo‘llarini unutmaydi, dedi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an BAA tashabbusi bilan tashkil etilgan Jahon hukumati sammiti ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida. Bu haqda Anadolu xabar berdi. 

Davlat rahbari avvalroq sammitda shaxsan ishtirok etishni rejalashtirganini, ammo rejalar 6 fevral kuni sodir bo‘lgan zilzilalar tufayli qayta ko‘rib chiqilganini ta’kidladi. 

«Katta miqyosdagi tabiiy ofat oqibatlarini Turkiyaning o‘n viloyatida 13,5 million kishi his qildi. Yer silkinishlari 500 km hududda sezilgan. Afsuski, katta vayronagarchilik yuz berdi. Olimlarning ta’kidlashicha, bu zarbalardan 500 ta atom bombasi portlashiga teng energiya ajralib chiqdi», dedi prezident. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya nafaqat o‘z tarixidagi, balki insoniyat tarixidagi eng yirik tabiiy ofatlardan biriga duch keldi. 

Prezident, episentri Turkiyaning Qahramonmarash shahrida bo‘lgan zilzilalar zonasida faoliyat olib borayotgan qidiruv-qutqaruv guruhlari o‘tgan to‘qqiz kun ichida 8 mingdan ortiq odamni vayronalar ostidan qutqarganini aytdi. 

«Afsuski, qulagan minglab uylar vayronalari tozalanishi bilan qurbonlar soni ham ortib bormoqda. Zilziladan jabr ko‘rgan 81 mingdan ortiq Turkiya fuqarosining ba’zilari shifoxonalardan chiqarildi. Qidiruv-qutqaruv guruhlari vayronalar ostidan 8 mingdan ortiq odamni qutqarib oldi», dedi Erdo‘g‘an. 

Siyosatchi xalq qo‘llab-quvvatlashi tufayli Turkiya bu ofat oqibatlarini qisqa vaqt ichida bartaraf etishiga ishonch bildirdi. 

Turkiya rahbari halokatli zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda yordamga shoshilgan barcha davlatlarga minnatdorchilik bildirdi. 

Davlat rahbari dunyoning yuzdan ortiq davlati, jumladan sammitga mezbonlik qilgan Birlashgan Arab Amirliklari Turkiyani qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlar berganini eslatdi. 

«Ba’zi davlatlar qutqaruvchilarni Turkiyaga yubordi, ba’zilari moddiy yordam yig‘ish kampaniyalarini boshlab, birdamlik ko‘rsatdi. Ayrim davlatlar Anqarani qo‘llab-quvvatlaganini bildirishdi. Bu falokat xalqaro birdamlikning muhimligini yana bir bor isbotladi», dedi Prezident. 

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Top