03:06 / 18.02.2023
15222

O‘zbekiston so‘nggi 15 yilda eng ko‘p moliyaviy yordam olgan – YeBTJ

Eng ko‘p moliyaviy yordam olgan Yevrosiyo mamlakatlari sanaldi.

Foto: KUN.UZ

Yevrosiyo barqarorlashtirish va taraqqiyot jamg‘armasi (YeBTJ) «Yevrosiyo mintaqasi» mamlakatlariga xalqaro tashkilotlar va rivojlanish agentliklari tomonidan berilgan moliyaviy yordam miqdorini tahlil qildi. Bu haqda «Kommersant’» yozdi.

Ma’lumotlar bazasi barqarorlashtirish yoki investitsiya kreditlari, grantlar va texnik ko‘mak bo‘yicha operatsiyalar ko‘rinishidagi suveren moliyalashtirish operatsiyalarini hisobga oladi. Ularning miqdori 90 mlrd dollarga yetgan.

Qayd qilinishicha, O‘zbekiston so‘nggi 15 yil ichida eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan – 20,9 mlrd dollar.

YeBTJ ma’lumotlar bazasida 16 ta «donor» bor: o‘nta xalqaro moliya tashkiloti (jumladan, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki (JB), Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki va boshqalar. Shuningdek, oltita suveren rivojlanish agentligi (USAID, GIZ, TIKA, JICA, AFD va SDC)

2008 yildan buyon umumiy qiymati qariyb 90 mlrd dollarga teng bo‘lgan 3900 ta suveren moliyalashtirish operatsiyalari aniqlangan bo‘lib, ulardan 54,2 mlrd dollari investitsiya kreditlari, 31,2 mlrd dollari barqarorlashtirish kreditlari va 4,4 mlrd dollari grantlardir.

Mablag‘larning katta qismi inqirozli 2009, 2015 va 2020 yillarda ajratilgan.

Tasdiqlangan mablag‘lar bo‘yicha Jahon banki, OTB, XVF va YeBTJ yetakchi hisoblanadi – ular tasdiqlangan qo‘llab-quvvatlash hajmining deyarli 80 foizini tashkil qiladi.

Umumiy hisobda O‘zbekiston eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan (20,9 mlrd dollar, shundan 15,4 mlrd dollar investitsiya kreditlari, shuningdek, mamlakatda eng ko‘p tranzaksiyalar amalga oshirilgan – 541 ta). Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (14,2 mlrd dollar), Gruziya (11,3 mlrd dollar), Belarus (10,9 mlrd dollar), Ozarboyjon ($6,2 mlrd), Mo‘g‘uliston ($5,2 mlrd), Armaniston ($5,2 mlrd), Qirg‘iziston ($5 mlrd), Tojikiston ($4,7 mlrd), Rossiya ($3,9 mlrd) va Turkmaniston ($1,9 mlrd).

Top