21:28 / 20.02.2023
41277

Baydenning Kiyevga «tarixiy» tashrifi. Asosiy ma’lumotlar

Bayden urush boshlanganidan buyon ilk bor Ukrainaga tashrif buyurdi - bu Rossiya bosqiniga bir yil to‘lishi arafasida ro‘y berdi.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi / SIPA / Scanpix / LETA

AQSh prezidenti Jo Bayden oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga keldi va prezident Zelenskiy bilan uchrashdi.

«Sizning tashrifingiz barcha ukrainlar uchun o‘ta muhim bo‘lgan qo‘llab-quvvatlov belgisidir», dedi ukrainlar prezidenti. Volodimir Zelenskiy va Jo Bayden urushning to‘qqiz yili davomida halok bo‘lgan askarlar uchun o‘rnatilgan yodgorlikni ziyorat qildi.

Amerika prezidenti tashrifi haqida oldindan ma’lum emasdi, qolaversa, Oq uy bir necha bor bunday tashrifni amalga oshirish norealligi - urush ichidagi mamlakatda prezidentning tashrifi xavfsiz kechishini ta’minlash imkon doirasidagi ish emasligini bildirgandi.

Oq uy bayonotiga ko‘ra, Bayden 20-22 fevral kunlari Polshada bo‘lib, prezident Anjyey Duda bilan uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgandi.

Buning o‘rniga Bayden milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan bilan birgalikda Ukraina poytaxtida paydo bo‘ldi.

New York Times nashri ma’lumotiga ko‘ra, Bayden Kiyevga poyezd orqali Polshadan kelgan, bungacha ham Amerikaning boshqa yuqori martabali rasmiy shaxslari shunday yo‘nalishdan foydalangandi.

Rolling Stone jurnali Oq uydagi yuqori martabali mulozimga asoslanib yozishicha, Baydenga bu safar bo‘yicha bir necha reja taqdim etilgan. Ulardan biriga ko‘ra, Bayden va Zelenskiyning uchrashuvi Polsha va Ukraina chegarasidagi maxfiy joyda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgandi. Boshqa g‘oyaga ko‘ra, uchrashuvni urush boshidan buyon bir necha bor Rossiya aviazarbalariga duchor bo‘lgan, lekin mamlakatning boshqa hududlariga qaraganda nisbatan tinch qolayotgan Lviv shahrida tashkillashtirish mumkin edi. Ammo Bayden aynan Kiyevga borishga qaror qilgan.

Associated Press agentligi xabariga ko‘ra, Sallivan Oq uy Bayden Vashingtondan uchib ketishi arafasida ikki yadroviy davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday hodisaning oldini olish uchun Baydenning Ukrainaga tashrifi haqida ogohlantirganini aytgan. AP ma’lumotiga ko‘ra, Bayden Kiyevda bo‘lib turganida shahar ustidagi havo kengligi Polsha hududida turgan Amerika razvedkachi samolyotlari tomonidan kuzatib turilgan.

Bayden Kiyevga 20 fevral kuni ertalab soat 8 atrofida kelgan va Ukraina poytaxtida besh soatdan ortiqroq vaqt o‘tkazgan. Mahalliy vaqt bilan soat 14:00 dan o‘tib (Toshkent vaqti bo‘yicha 17:00) Amerika prezidenti Kiyevni tark etgani ma’lum bo‘ldi.

Baydenni dastlab Kiyev markazidagi Mixayliv sobori oldida payqashdi. U bu yerga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan birga kelib, urushda qurbon bo‘lgan harbiylar yodgorligiga guldasta qo‘ydi.

AQSh Davlat departamentining rus tilida yuritiladigan sahifasida qayd etilishicha, «AQShda fevralning har uchinchi dushanbasi har yili Prezidentlar kuni sifatida nishonlanadi. Bugungi Prezidentlar kuni esa chinakamiga tarixiy bo‘ldi!»

«Kiyev bardosh berdi, Ukraina bardosh berdi, demokratiya bardosh berdi»

Bayden Ukraina millat sifatida birlashgani va o‘z davlati himoyasi uchun oyoqqa turganidan hayratda qolganini aytgan. «Kiyev qalbim to‘ridan joy egallagan», degan u. Prezident bir yil muqaddam Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bosqin boshlagan «zulmatli tun»ni yodga olgan va o‘shanda «dunyo tom ma’noda Kiyevning qulashiga va hatto Ukraina ham tamom bo‘lishiga tayyor turgan». «Ammo bir yil o‘tib ham Kiyev bardosh berdi. Ukraina bardosh berdi. Demokratiya ham», dedi Bayden.

«Ukraina majbur bo‘lgan to‘lov haddan tashqari yuqori bo‘ldi. Qurbonlar ham nihoyatda ko‘p», dedi amerikaliklar prezidenti.

Bayden Ukrainaga 500 million dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketini va’da qildi. Bu yordam artilleriya o‘q-dorilari, tankka qarshi tizimlar va havo kuzatuv radarlarini o‘z ichiga oladi. AQSh prezidenti Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ham anons qildi.

Bayden yana bir bor AQSh Ukrainaga «qancha kerak bo‘lsa shuncha» yordam ko‘rsatajagini ta’kidladi.

Foto: The White House

Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba Ukraina va AQSh prezidentlari Volodimir Zelenskiy va Jo Baydenning Kiyevdagi muloqoti maksimal darajada ishonchli ruhda o‘tganini qayd etdi. «Tarixiy tashrif amalga oshirildi. Shunday deyishim mumkin: ikki prezident ham muloqotdan mamnun. Muhit maksimal darajada ishonchli va samimiy», deya yozdi vazir feysbukdagi sahifasida.

«Putin Ukraina kuchsiz, G‘arb esa parchalangan deb o‘ylardi... u biz birgalikda turib bera olmasligimizga ishongandi. U NATO birdamligini saqlay olmasligimizga umid qilgandi. U mo‘ljallagandiki, biz boshqalarni Ukraina tomonida turishga jalb eta olmaymiz. U o‘ylagandiki, biz barchasini tomosha qilib o‘tiramiz. U endi bunday o‘ylamasligini bilaman. U shunchaki juda qattiq adashdi. Uning bosqinchilik urushi muvaffaqiyatsizlikka uchradi», dedi Jo Bayden uchrashuv yakunlariga ko‘ra Volodimir Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

«Bu AQSh va Ukraina munosabatlari tarixidagi eng muhim tashrif bo‘ldi», dedi bunga javoban Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashrif natijalari jang maydonida aks etadi. Zelenskiy shuningdek Bayden bilan uzoq masofaga harakatlanuvchi qurollar yetkazish masalasini muhokama etganini ta’kidladi. Ukraina prezidenti uning mamlakati tez orada AQSh va dunyoning qolgan mamlakatlari ko‘magi bilan «tarixiy yutuqlarga erishishi» haqida fikr bildirdi.

«Men bilaman, bu Ukraina uchun juda muhim qo‘llab-quvvatlash paketi bo‘ladi... bu Rossiya tajovuzida hech qanday imkon yo‘qligi haqida aniq signal vazifasini o‘taydi. Ukraina sizdan minnatdor, janob prezident», degan Zelenskiy.

Ukrainadan tashqarida Bayden tashrifi haqida nimalar deyishdi?

Hozircha Kreml tomonidan hech qanday rasmiy munosabat bildirilmadi. Ammo MDH davlatlari instituti direktori o‘rinbosari Vladimir Jarixin TASS agentligiga bergan intervyusida AQSh prezidentining Kiyevga Rossiya prezidenti murojaatnomasidan oldingi kunda kelishi oldindan o‘ylangan harakat bo‘lganini aytdi.

Foto: Evan Vucci / AP / Scanpix / LETA

«Bu Bayden tomonidan kishining jig‘iga tegadigan qadam. Menimcha, u munosabatlarni yanada keskinlashtirmoqchi. Va men o‘ylaymanki, uning bugungi harakati Rossiya prezidenti murojaatnomasida inobatga olinadi. Bu Rossiya tomonidan bilvosita javob bo‘lishiga qaratilgan harakat. U bu bilan Putinga chaqiriq yubordi. O‘ylaymanki, u javob oladi», degan u.

RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham jim turmadi.

«Oldindan xavfsizlik kafolatlarini olgan Bayden nihoyat Kiyevga keldi. U juda ko‘p qurol-yarog‘ va’da qildi va o‘lgunicha neonatsistik rejimga sodiqlikka qasamyod qildi. Va albatta, yangi qurollar va jasur xalq bilan keladigan g‘alaba haqida o‘zaro afsunlar bo‘ldi. Va shuni ta’kidlash kerakki, G‘arb haqiqatan ham Kiyevga qurol va pullarni muntazam ravishda yetkazib beradi. NATO davlatlari harbiy-sanoat majmuasiga pul ishlash va butun dunyo bo‘ylab terrorchilarga sotish uchun qurol o‘g‘irlash imkonini beradigan darajadagi katta miqdorda», deya yozgan u o‘z telegram-kanalida.

Rossiyalik (ammo quvg‘unda yashovchi) siyosatshunos Abbas Gallyamovning taxmin qilishicha, bu tashrif «Putinda javob berish uchun hech narsa yo‘qligini anglagan holatdagi stavkani ko‘tarish ham, ongli ravishda bunday javob uchun provokatsiya qilish ham» bo‘lishi mumkin.

«Tasavvur qilaylik, Putin g‘azablanib Kiyev bo‘ylab zarba berishga buyruq beradi. Bunday vaziyatda armiya bunday buyruqni bajarishdan bosh tortishi mumkin - axir u yerdagilar bu endi «maxsus harbiy amaliyot» emas, to‘laqonli urush bo‘lishini tushunishadi. Va rossiyalik harbiylar bunga tayyor ekani umuman fakt emas. Buyruqdan bosh tortish esa - amalda davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lardi», deya yozadi Gallyamov o‘z telegram-kanalida.

Bat universitetining mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha eksperti va NATOning sobiq tahlilchisi, doktor Patrik Berining hisoblashicha, Bayden bilan uchrashuvning asosiy natijasi NATO bo‘yicha ittifoqchilarning Ukrainani bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani haqidagi bayonoti bo‘ldi.

U BBC uchun bergan intervyusida shunday degan: «Bu Vladimir Putinga biz chekinmoqchi emasmiz va shuning uchun siz bu urushda bizdan ustun kelishga urinish haqidagi asosiy xayollaringizni shubha ostida qoldirishingizga to‘g‘ri keladi, qabilidagi signal bo‘ldi».

«Vaqt haqida gapiradigan bo‘lsak, katta ehtimol bilan ular prezidentni bosqinning bir yilligiga yuborishni istashmagan, chunki shu kuni Rossiya tomonidan bombardimon xavfi yuqori bo‘ladi. Bu ancha vaqtdan buyon rejalashtirilgan, bunday tashriflar albatta puxta rejalashtirishni talab etadi va ehtimol bu masala Zelenskiyning dekabr oyidagi AQShga safari vaqtida ham muhokama qilingan», deya qayd etgan Barri.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top