23:43 / 23.02.2023
17056

Turkiyaning Hatay viloyatida 5 magnitudali zilzila yuz berdi

So‘nggi 4 kunda zilzilalar yana takrorlanmoqda.

Foto: AFP

23 fevral kuni Turkiyaning Hatay viloyatida 5 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi, deb xabar berdi TRT Haber.

Hatayda sodir bo‘lgan yer silkinishi oqibatida elektr ta’minotida uzilishlar boshlangan. Qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida ma’lumotlar yo‘q.

Turk matbuoti ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila Toshkent vaqti bilan soat 18:53 da 9,7 km chuqurlikda yuz bergan, silkinishlar episentri Defne okrugida bo‘lgan.

20 fevral kuni Hatayning Defne hududida 6,4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan edi. AFAD nashri xuddi shu kuni Defneda sodir bo‘lgan yana ikkita zilzila (5,8 va 5,2 magnitudali) haqida xabar berdi. Ular kamida 11 kishining o‘limiga olib keldi, 1 mingdan ortiq Turkiya va Suriya aholisi jabr ko‘rdi.

6 fevral kuni Turkiya va Suriyada 7,8 magnitudali halokatli zilzilalar sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada silkinishlar oqibatida yuzaga kelgan vayronalar oqibatida 43 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan. Suriyada halok bo‘lganlar soni 8,5 mingdan oshgan.

Top