17:11 / 28.02.2023
16972

London: A-50 samolyotining yo‘qotilishi Rossiya havo operatsiyalarini cheklaydi

Rossiyaning Machulishchida A-50 harbiy samolyotini yo‘qotishi uning havo operatsiyalarini yanada cheklaydi, deya ma’lum qildi Britaniya harbiy razvedkasi. 

Foto: Picture Alliance

Twitter’da e’lon qilingan yana bir sharhda Britaniya Mudofaa vazirligi Belarus partizan guruhi BYPOL va muhojirlikdagi Belarus muxolifati rahbarlariga tayanib, Minsk yaqinidagi aerodromda portlashlar A-50’ning old va o‘rta qismlari, radar antennasiga zarar yetkazganini ta’kidlaydi

Shu bilan birga, A-50 havoda erta ogohlantirish va nazorat qilish samolyotining roli havo holatining real suratini yaratish va qo‘shni qiruvchi samolyotlar bilan muvofiqlashtirishni ta’minlashdan iborat, deyiladi ma’lumotda. 

Rasmiylar Rossiya samolyotiga yetkazilgan zararni tasdiqlamagan bo‘lsa-da, uning yo‘qotilishi katta ahamiyatga ega bo‘ladi, chunki u Rossiya havo operatsiyalari uchun juda muhim va havo jangi bo‘yicha vaziyatni ochiqlab beradi, deya ishonch bildirgan London.

Belarus xavfsizlik xizmatining sobiq amaldorlari uyushmasi BYPOL ma’lumotlariga ko‘ra, Belarusning Machulishchi aerodromida portlatilgan Rossiyaning A-50 harbiy samolyoti hujum uchun tasodifan tanlanmagan. 27 fevral kuni BYPOL rahbari Aleksandr Azarov DW nashriga bergan intervyusida A-50 havodan erta ogohlantirish va nazorat qilish samolyoti Rossiya armiyasi uchun muhim bo‘lgani, chunki u Rossiya raketalarini Ukrainadagi nishonlarga yo‘naltirishda foydalanilganini aytib o‘tdi.

«Bu havo flotidagi flagmanga o‘xshaydi. «Kinjal»lar tashuvchilari uning ortidan uchib, ko‘rsatmalariga amal qilishadi. Bunday samolyotlar ko‘p emas», - deya tushuntirdi u. Azarovning so‘zlariga ko‘ra, bunday aksiyalar uzoq vaqt tayyorlanadi. «Chet elda bo‘lib, ichkaridagi partizanlar bilan aloqa qilish, razvedka, ta’minot, chetlab o‘tish yo‘llarini ta’minlash juda qiyin», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Belsat» telekanali efirida Azarov Rossiya samolyotiga uchuvchisiz uchoqlar yordamida havodan hujum qilinganini, bu diversiyani «Peramoga» rejasi ishtirokchilari bo‘lgan belaruslar amalga oshirganini ta’kidladi. «Operatsiya ishtirokchilari mamlakat tashqarisida allaqachon xavfsiz joyda. Hamma chiqib ketdi, shamolni daladan izlab yurishsin endi», - dedi u va operatsiyaga bir necha oydan beri tayyorgarlik ko‘rilganini qo‘shimcha qildi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top