Tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Furqat Siddiqov O‘zbekistonning AQShdagi yangi elchisiga aylanadi. 2017 yildan buyon AQShdagi diplomatik missiyani boshqarib kelgan Javlon Vahobov TIVga ishga kelishi kutilmoqda.

3 mart kuni Oliy Majlis Senati O‘zbekistonning AQShdagi elchisi lavozimiga Furqat Siddiqov nomzodini ma’qulladi. Bu ma’lumotni parlamentning yuqori palatasidagi manbasi Kun.uz’ga tasdiqladi.
Furqat Siddiqov 1971 yil 7 fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1993 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. UzDaewoo Electronics QKda bosh mutaxassis (1993−1995), Prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutida xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim (1995−2002, 2007−2011) lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida attashe (2002−2007), ushbu elchixonaning birinchi kotibi (2011−2015), O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi (2015−2020) lavozimlarida ishlagan.
Furqat Siddiqov 2020 yil mayda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan, 2022 yil noyabridan tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
- Ma’lumot uchun, 2017 yildan buyon O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik missiyasini Javlon Vahobov boshqarib kelmoqda. «Gazeta.uz» manbasiga ko‘ra, u endi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga qaytarilishi (u 2013-2015 yillarda TIV rahbari o‘rinbosari, 2015-2017 yillarda birinchi o‘rinbosar lavozimida ishlagan) kutilmoqda.