16:54 / 06.03.2023
8011

«FSB» milliarder Malofeyevga suiqasdning oldini olganini ma’lum qildi

Moskva 2014 yildan beri Yevropa va Amerika sanksiyalari ostida bo‘lgan, «Tsargrad» kanali asoschisi Konstantin Malofeyevga suiqasdning oldi olingani haqida xabar berdi. 

Foto: RIA Novosti

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati («FSB») rossiyalik tadbirkor, «Tsargrad» kanali asoschisi Konstantin Malofeyevga suiqasdning oldi olingani haqida xabar berdi. Malofeyev bir qator rus ultravatanparvar va pravoslav ommaviy axborot vositalari bilan aloqador. Muvaffaqiyatsiz suiqasdni Ukraina tomonida jang qilayotgan «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» (RKK) asoschisi Denis Kapustin uyushtirgani aytilmoqda. Bu haqda 6 mart, dushanba kuni «FSB» jamoatchilik bilan aloqalar markazi ma’lum qildi

Rossiya maxsus xizmati, shuningdek, Kapustin Ukrainada yashab, Ukraina Xavfsizlik xizmati («SBU») nazorati ostida ish olib borishini da’vo qilmoqda. Dalil sifatida «FSB» Malofeyevning mashinasi ostiga portlovchi modda o‘rnatilgani haqidagi videoni, shuningdek, uni olib tashlash videosini tarqatgan. Idora terrorchilik harakati, terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etish va portlovchi moddalarning noqonuniy savdosi moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, «FSB» Kapustin va uning tashkilotini 2 mart kuni Ukraina bilan chegaraga yaqin joylashgan Bryansk viloyatidagi qishloqlarga hujum sodir etganlikda, shuningdek, 2022 yil avgust oyida Volgograd viloyatidagi neft-gaz inshootida «diversiya va terrorchilik akti» uyushtirganlikda aybladi.

Ayni paytda, Germaniyaning Der Spiegel nashriga ko‘ra, RKK rahbari Denis Kapustin Germaniyada yashash uchun ruxsatnomaga ega. U oilasi bilan 2001 yilda Germaniyaga «yahudiylar yo‘nalishi» bo‘yicha kelgan, doimiy yashash uchun ruxsat olgan va Germaniyada «Denis Nikitin» nomi bilan MMA yakkakurash turi sohasidagi o‘ng qanot ekstremistik sahna yetakchi vakili sifatida tanilgan, deb yozadi haftalik 2019 yilda Shimoliy Reyn - Vestfaliya federal hududi rasmiylarining maxfiy hujjatlariga tayanib. 

Biznesmen Konstantin Malofeyev 2014 yildan beri Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiyalari ostida. Aynan uning tuzilmalarida «Donetsk xalq respublikasi»ning vakillari - Igor Strelkov va Aleksandr Boroday ishlagan. 

Mavzuga oid
Top