23:39 / 10.03.2023
14856

AQSh koronavirusning kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmoqchi

Kongressmenlar prezidentdan shuni talab qilmoqda. 

Foto: AP

AQSh Vakillar palatasidagi demokratlar va respublikachilar koronavirusning kelib chiqishi haqidagi razvedka ma’lumotlarining oshkor qilinishini bir ovozdan yoqladi. Qonun loyihasi ma’qullash uchun prezident Jo Baydenga yuborildi. 

AP xabariga ko‘ra, munozara qisqa va mazmunli bo‘lgan: amerikaliklar halokatli virus qanday paydo bo‘lgani va kelajakda pandemiyaning oldini olish uchun nima qilish kerakligini bilishi shart. 

3 yil oldin boshlangan pandemiya oqibatida 1 milliondan ortiq amerikalik hayotdan ko‘z yumgan edi. 

Vakillar palatasi a’zosi Maykl Tyorner so‘zlariga ko‘ra, AQSh jamoatchiligi COVID-19 pandemiyasi haqida barcha narsani, jumladan, virus qanday paydo bo‘lgani, u sun’iy yaratilgani yoki yo‘qligi, tabiiy paydo bo‘lgani yoki laboratoriyadan sizib chiqqani haqidagi ma’lumotlarni bilishga loyiq. 

Maxfiylikning bekor qilinishi Xitoyning Uhan virusologiya instituti bilan bog‘liq razvedka ma’lumotlariga qaratilgan. 

AQSh razvedka xizmatlari virusning kelib chiqishi haqida yakdil emas. Uning tabiiy yoki laboratoriyadan sizib chiqqani haqidagi fikrlar turlicha. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, koronavirus pandemiyasining kelib chiqish sababi yillar davomida noaniq qolishi mumkin. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top