11:42 / 10.03.2023
15761

Dunyoning top universitetlarini boshqarayotgan ayollar -  O‘zbekistonda ham ayol rektorlar bormi?

Ko‘pchilik biladigan dunyoning eng nufuzli universitetlarining to‘rtdan birida ayollar rektorlik qilmoqda. O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarini boshqarayotgan ayol rektorlar bor, lekin ular barmoq bilan sanarli.

The (Times Higher Education) reytingiga kirgan top 200 ta universitetning qariyb to‘rtdan bir qismida (48 tasida) ayollar rahbarlik qilmoqda. So‘nggi yillarda dunyoning eng yaxshi universitetlariga ayollarning rahbarlikka kelish holatlari ancha ko‘paydi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgidan 12 foiz, 5 yil avvalgidan esa 41 foizga yuqorilagan. 5 yil oldin top universitetlarning atigi 34 tasida ayollar rektorlik qilgan.

AQSh va Germaniya top universitetlarda rahbar ayollar soni oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda. Germaniyada 5 ta top universitetni ayollar boshqaryapti.

THE xalqaro reytingi ma’lumotlariga ko‘ra AQShdagi nufuzli 58 ta universitetning 16 tasida ayollar rahbarlik qilmoqda. O‘tgan yili ayol rahbarlar 13 nafar bo‘lgan. Xususan, Oksford universiteti, Massachusets texnologiyalar universiteti, Pensilvaniya universiteti, British Kolumbiya universitetlarini ayollar boshqaradi.

Shuningdek Sharqiy Osiyo va O‘rta Sharqda ham bu borada sezilarli o‘zgarishlar bo‘lgan. Garchi oliy ta’lim boshqaruvida xotin-qizlar rolini oshirishda sezilarli o‘zgarishlarga erishilgan bo‘lsa-da, hali tengsizlik ham yetarlicha. Nufuzli universitetlar joylashgan 27 ta davlatda ayol rektorlar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shunday OTM bor 12 ta davlatdagi nufuzli OTMlar rahbarlari erkaklarga ishonib topshirilgan.

Ta’lim boshqaruvidagi ayollar qanday muammolarga duch keladi?

Ayollarning ta’lim sohasidagi ulushi muammosiga xalqaro miqyosda e’tibor qaratilishi kerak. 2018 yilda AQShda assistent professorlarning 53 foizini, dotsentlarning 46 foizini tashkil qilgan. Biroq ular to‘laqonli professorlarning (full professor) atigi 34 foizini tashkil qilishgan.

Ma’lum muddat Oksford universiteti prorektori bo‘lgan Luiza Richardsonning qayd etishicha, yuqori martabali ayollarga nisbatan media zo‘ravonligi yuqori. Bular universitetlar rahbariyatining real muammosidir. Ijtimoiy tarmoqlar orqali qo‘rqitish, bezorilik, tajovuz, o‘lim tilash, tashqi ko‘rinish ustidan kulish va ayollarga mos bo‘lmagan turli haqoratlar ayol rahbarlar faoliyatiga xalaqit beradi.

«Toki biz xotin-qizlar qo‘rquviga sabab bo‘ladigan trollarni tag-tomiri bilan yo‘qotmas ekanmiz universitetlar va boshqa jamiyat institutlarida ayol liderlar kamligicha qolaveradi», deydi Richardson xonim.

Darhaqiqat, o‘tgan oy Shotlandiya bosh vazirligidan ketgan Nikola Sterjyen ijtimoiy hayotning shafqatsizligi haqida to‘xtalib, ijtimoiy tarmoqlarda dahshatli zo‘ravonliklarga duch kelganini gapirgan. Shu yilning yanvarida Yangi Zelandiya bosh vazirligidan ketgan Jasinda Ardernning iste’fosidan so‘ng ham ko‘pchilik uning ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez va haddan ortiq zo‘ravonliklarga uchraganini tilga oldi.

Ayollar boshqaruvi borasidagi to‘siqlar va xatarli muhitga qaramay ham ijobiy natijalar yetarlicha. Oksfordni hozir ham ayol rektor – Iren Treysi boshqaryapti. Oksfordga nufuz jihatdan teng Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti boshqaruvi ham iyul oyidan boshlab Debora Prentis ismli ayol boshqaruvchiga o‘tadi.

Shuningdek, Klaudin Gey shu yil vazifasiga kirishishi bilan Harvard universitetini boshqaradigan birinchi qora tanli ayolga aylanadi.

O‘zbekistonda ham ayol rektorlar bormi?

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistondagi 10 ta davlat va nodavlat OTMni ayol rektorlar boshqaradi. Jami davlat va nodavlat OTM soni esa hozir 210 taga yetgan.

Ayol rahbarlar boshqarayotgan OTMlar:

  • Gulchehra Rixsiyeva 2020 yildan buyon Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori;
  • Ataniyazova Oral 2020 yildan buyon Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti rektori;
  • Chidem Janbay Turkyilmaz 2021 yildan buyon Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektori;
  • Dilnoza Xodjayeva 2021 yildan buyon Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektori;
  • Gulnora Nurmuxanova 2022 yildan Turan international university rektori;
  • Zevar Yusupova 2023 yildan Toshkent gumanitar fanlar universiteti rektori;
  • Dinora Ishmanova “Millat Umidi University” (Cambridge international) universiteti rektori;
  • Nargiz Rahmonqulova Renessans ta’lim universiteti rektori;
  • Matluba Amonova Buxoro innovatsion tibbiyot instituti rektori;
  • Munira Aminova Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi.

Ayollar boshqarayotgan oliy ta’lim muassasalari reytingi qanday?

Ayollar rahbarlik qilayotgan 10 ta OTMdan 4 tasi davlat oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi. Ularning reytingi esa Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (tashkilot tugatilgan) tomonidan e’lon qilib kelingan.

2022 yilgi reytingga ko‘ra, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi OTM bo‘yicha Gulchehra Rixsiyeva rektorlik qilayotgan Toshkent davlat sharqshunoslik instituti sakkizinchi o‘rinni egallagan. Qo‘qon davlat pedagogika instituti esa ancha quyi, 31-o‘rinni band qilgan.

Texnika, texnologiya, qurilish, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi reytingda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti quyida, 18-o‘rinda qayd etilgan.

Tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari reytingida Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti ham quyi o‘rinni egallagan.

Top