09:03 / 11.03.2023
6221

Ukraina Bosh prokuraturasi Yanukovichga yangi ayblovlar qo‘ydi

Ukraina sobiq prezidenti odamlarni xorijga noqonuniy o‘tkazish va dezertirlikka undashda ayblanmoqda. Yanukovich ishi bo‘yicha sud jarayoni sirtdan o‘tkaziladi.

Foto: Reuters

Ukrainada sobiq prezident Viktor Yanukovichga yangi ayblovlar qo‘yilmoqda. Bosh prokuratura uni chegaradan noqonuniy ravishda odamlarni olib o‘tishda va dezertirlikka undashda ayblamoqda, deb xabar berdi idora 10 mart, juma kuni o‘zining Telegram-kanalida.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yil 23 fevralda Yanukovich o‘z xavfsizlik xizmati rahbari va Rossiya vakillari bilan birgalikda Ukraina davlat chegarasini ikki marta noqonuniy kesib o‘tgan va u orqali kamida 20 kishini Rossiyaga olib o‘tgan. O‘sha kuni, idora ma’lumotlariga ko‘ra, Yanukovich o‘z shaxsiy qo‘riqchilarini dezertirlikka undagan.

Yanukovichning yangi ishi bo‘yicha sud jarayoni sirtdan o‘tkaziladi.

Yanukovich 2010 yildan 2014 yilgacha Ukraina prezidenti lavozimida ishlagan. 2014 yilda hukumatga qarshi tartibsizliklar paytida u mamlakatni tark etib, Rostov-Donga borgan. 2015 yil yanvarida Ukraina Yanukovichni Interpol orqali qidiruvga berdi. Keyingi yillarda unga nisbatan bir necha jinoiy ish ochildi. Sobiq prezident, jumladan, hokimiyatni tortib olish va mulkni o‘zlashtirishda ayblanyapti.

2017 yilda Yanukovichga nisbatan davlatga xiyonat moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Xususan, u 2014 yilda namoyishlar avjiga chiqqan paytda Rossiyadan Ukrainaga qo‘shin kiritishni so‘raganlikda ayblangan. 2019 yilda ushbu ish doirasida Yanukovich sirtdan 13 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

2022 yil oktyabr oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yanukovichga qarshi navbatdagi sanksiyalar paketini joriy qildi, 2023 yil mart oyi boshida esa Ukraina Vazirlar Mahkamasi sobiq prezidentning mulkini davlat foydasiga o‘tkazdi.

Top