20:12 / 13.03.2023
18991

Prezident chegarachilarning xizmat va yashash sharoitlarini ko‘rdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining Surxondaryo viloyatidagi vzvodlaridan biriga tashrif buyurdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’muriy binodagi sharoitlar, chegarani qo‘riqlashda qo‘llanayotgan harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘zdan kechirildi. Davlat chegarasini qo‘riqlashda uchuvchisiz uchish apparatlarining ahamiyati ta’kidlandi.

Davlat rahbari O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasini qo‘riqlash jarayoni bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish bilan birga harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu vzvod yonida ham shinam xonadonlar barpo etilgan.

Prezident shunday xonadonlardan birida mehmon bo‘ldi. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan suhbatlashdi.

“Vatanimiz himoyachilarining o‘z vazifalarini xotirjam bajarishi, farzandlar tarbiyasi sizlarga bog‘liq. Turmush o‘rtoqlaringizga madadkor bo‘lib, katta jasorat ko‘rsatyapsiz. Sizlar ham Vatan himoyachisizlar”, – dedi Shavkat Mirziyoyev harbiylarning rafiqalariga.

Hovlida o‘yingohlar, sport maydonchalari, ayollar uchun tikuvchilik va qandolatchilik xonasi tashkil qilingan. Bolalarni maktab va bog‘chaga eltish uchun avtobus yo‘lga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 13 mart kuni prezident burchini bajarish chog‘ida yaralangan yoki halok bo‘lgan harbiylar va xizmatchilarning oilalariga yangi imtiyoz va kafolatlar bo‘yicha farmon imzoladi.

Prezident matbuot xizmati taqdim etgan suratlar

Top