16:30 / 18.03.2023
4449

Belarusda hukumatparast yangi «Belaya Rus» partiyasi tuzildi

Foto: DANEYKO

«Belaya Rus» saytida u 200 ming «g‘amxo‘r vatanparvarlarni» birlashtirgani aytilgan. Qayd etilishicha, «Belaya Rus» Aleksandr Lukashenkoning siyosiy kursini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan

Belarusda jamoat birlashmasi negizida tuzilgan yangi hukumatparast «Belaya Rus» partiyasi tashkil etildi. Tegishli qaror 18 mart, shanba kuni Minskda bo‘lib o‘tgan «Belaya Rus» ta’sis qurultoyida qabul qilindi. 

Shu kuni partiya dasturi va nizomi tasdiqlandi. «Belaya Rus» nodavlat tashkiloti rahbari Oleg Romanov yangi siyosiy partiyaning raisi etib saylandi. 

«Belaya Rus» jamoat birlashmasi 2007 yil noyabr oyida tashkil etilgan, o‘sha yilning dekabr oyida u respublika Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan. Birlashma saytida aytilishicha, u «200 ming g‘amxo‘r vatanparvar» – 8,5 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotni birlashtirgan. «Belaya Rus» Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning siyosiy yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilganligi alohida ta’kidlangan. 

Belarusda bu yil siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari faoliyati to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi. Ular, jumladan, urush, terroristik yoki ekstremistik faoliyatni targ‘ib qilganlik, davlat va (yoki) jamoat manfaatlariga zarar yetkazuvchi faoliyatni amalga oshirganlik, shuningdek xorijiy manbalardan mablag‘ va boshqa mol-mulk olganlik uchun partiyani tugatish imkoniyatini nazarda tutadi. 

Top