15:54 / 18.03.2023
5139

Maktab ta’limida BAA bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda

O‘zbekiston hamda BAA o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, STeM fanlari hamda arab tilini o‘qitish bo‘yicha o‘zbek maktablariga arab mutaxassislari jalb etiladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining xabar berishicha, vazir Hilola Umarova boshchiligidagi delegatsiya BAAning poytaxti Abu-Dabida bo‘lib turibdi. Xizmat safari davomida vazirlik delegatsiyasi qator ta’lim tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilayotgani ma’lum qilindi. Xususan, vazir BAA Ta’lim vaziri Doktor Ahmad Belhul Al Falasi bilan uchrashib:

  • 2 davlat ta’lim tizimlarini o‘rganish va hamkorlikda qo‘shma loyihalarni tashkil etish;
  • O‘zbekistonda xorijiy til sifatida arab tili o‘qitiladigan maktablar uchun o‘quv-metodik majmualarni takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish;
  • pedagoglarning malakasini oshirish, ular faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha tajriba almashish;
  • maktab o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish kabi masalalarni muhokama qilishgan.

Shuningdek, Hilola Umarova BAA Prezidenti Devonining ta’lim va tadqiqotlar bo‘yicha kotibi o‘rinbosari Doktor Abdulloh Mug‘robiy bilan ham uchrashgan. Unda STeM fanlari hamda arab tilini o‘qitish bo‘yicha BAAdan mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha masalalar muhokama qilinib, vazirlik kotibiyat o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.

So‘ng Umarova va uning delegatsiyasi Alef Education tashkiloti bosh ofisida bo‘lib, Alef raqamli ta’lim platformasini O‘zbekistonda mahalliy sharoitga moslashtirilgan holda joriy etish kabi masalalar haqida suhbatlashilgan.

Ma’lumot uchun, Alef raqamli ta’lim platformasi quyidagi, ya’ni:

  • o‘quvchilar bilimini baholash;
  • pedagoglar faoliyatini o‘quvchilar bilimiga asoslangan holda katta hajmdagi ma’lumotlar ( Big Data) va sun’iy intellekt yordamida baholab borish;
  • o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini tizimdagi ma’lumotlar tahlili asosida prognozlash;
  • arab tilini chet tili sifatida o‘qitish hamda STeM yo‘nalishidagi ta’limni onlayn platforma yordamida yo‘lga qo‘yish kabi imkoniyatlarga ega platforma hisoblanadi.

Bundan tashqari, safarda vazirlik dunyoda 181-o‘rinda turuvchi Xalifa fan va texnologiyalar universiteti ijrochi vitse-prezidenti Doktor Ahmad al Shoibi bilan ham uchrashib, quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olishgan:

- hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish;

- xalqaro ilmiy konferensiyalarni birgalikda tashkil etish;

- tajriba almashish dasturini joriy etish.

Eslatib o‘tamiz, shu vaqtgacha O‘zbekistonda prezident maktablarida STEM fanlari o‘qitib kelinayotgan edi.

Kun.uz STEM tizimida o‘qitishning ahamiyati haqida ham alohida maqola e’lon qilgandi.

Top