14:07 / 25.03.2023
12200

AQSh O‘zbekiston bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirish niyatida

Oq uy saytida prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparati Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyevaning Oq uydagi uchrashuvi to‘g‘risida rasmiy ma’lumot e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, AQSh prezidentining yordamchisi va va AQSh prezidenti administratsiyasining gender siyosati bo‘yicha kengashi direktori Jyennifer Klyayn hamda prezidentning maxsus yordamchisi, Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktor Nikolas Berliner O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva bilan uchrashgan.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda har ikki tomon ham gender tengligi va teng huquqlikni, jumladan, oiladagi zo‘ravonlik qurbonlarini huquqiy himoya qilishni kuchaytirish, odam savdosiga qarshi kurashish va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali rag‘batlantirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

«AQSh rasmiylari Qo‘shma Shtatlar ushbu masalalarda hamkorlik qilish hamda respublika mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekiston bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirish niyatida ekanini ma’lum qildi», deyiladi Oq uy saytidagi ma’lumotda.

Avvalroq Saida Mirziyoyeva Oq uyda Jo Baydenning yordamchisi bilan uchrashgani xabar qilingandi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda prezident rahbarligida olib borilayotgan muhim islohotlar haqida suhbatlashilgan. 

Suhbatning asosiy mavzularidan biri - xotin-qizlarni gender zo‘ravonlikdan himoya qilish va O‘zbekistonda unga yo‘l qo‘ymaslik uchun amalga oshirilayotgan ishlar bo‘ldi. Jyennifer Klayn bu borada amaliy yordam berishni taklif qilgan. 

Top