18:35 / 27.03.2023
11804

«Proyekt»: Urush boshlanganidan keyin o‘nlab taniqli olimlar Rossiyani tark etdi

Urush boshlanganidan keyin kamida 28 nafar taniqli olim va yetakchi universitetlarning professori Rossiyani tark etdi, deb yozadi «Proyekt». Shu bilan birga, mamlakatdan chiqib ketgan olimlarning umumiy soni ancha ko‘p. 

Foto: AP / TASS

Ukraina bilan urush boshlanganidan beri kamida 28 nafar taniqli olim va yetakchi universitetlarning professori Rossiyani tark etgan. Bunday raqamlar 27 mart, dushanba kuni «Proyekt» nashri tomonidan keltirildi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, ular orasida jahonga mashhur mutaxassislar, ko‘plab mukofotlar laureatlari ham bor. Shu bilan birga, ketgan olimlarning umumiy soni ancha ko‘p, deb yozadi nashr. 

AQShda joylashgan Scholars at Risk tashkilotining o‘zi Rossiyadan 200 kishini olib chiqib ketdi. Yana 62 nafar olimga Germaniya Aleksandr fon Gumboldt fondi (Alexander-von-Humboldt-Stiftung) yordam berdi, deb yozadi «Proyekt». Jurnalistlarning fikricha, boshqa joyga ko‘chirilishi kerak bo‘lgan olimlar uchun ochilgan Telegram-chatlarda olti mingdan ortiq kishi bor.

«Butun ilm-fan sohalari to‘xtab qoldi, tadqiqot olib borilmayapti. Biz ancha yillar orqaga qaytdik», - deydi astrofizik, Rossiya Fanlar akademiyasi professori Sergey Popov. 

Ko‘pchilik ketishdan oldin urushni qoralagan ochiq xatga imzo qo‘ygan. 

Oliy iqtisodiyot maktabining sobiq professori Konstantin Soninning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil 24 fevraldan beri kamida 150 nafar o‘qituvchi oliygohni tark etgan. 

Poletayev nomidagi humanitar tarixiy-nazariy tadqiqotlar institutini xodimlarning 60 foizi tark etdi, deb yozadi «Proyekt». Unga ko‘ra, institut 2023 yil boshida xalqaro laboratoriya maqomini yo‘qotgan. 

Moskva davlat universitetining jurnalistika fakulteti xodimlari ham ishsiz qoldi – muxolif qarashdagi o‘qituvchilarga eng kam oylik ish haqi tayinlanib, o‘quv dasturidan olib tashlangan holda, ular o‘quv yuklamasidan mahrum qilindi, deb yozadi nashr. 

Rossiyani tark etganlar orasida Moskva matematika jamiyati rahbari, akademik Viktor Vasilev, astrofizik, Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi Yuriy Kovalyov, astrofizik, taniqli olim Sergey Popov va biologiya fanlari doktori Aleksandr Markov bor. 

Rossiyalik olimlar va ilmiy jurnalistlarning Ukraina bilan urushga qarshi maktubi 2022 yil fevralida e’lon qilingan edi. «Yevropada yangi urush boshlangani uchun javobgarlik to‘liq Rossiya zimmasiga yuklandi», — deyiladi hujjatda. Bugungi kunga qadar uni 8489 kishi imzolagan. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top