14:35 / 27.03.2023
15281

Qozog‘iston islohotlarda O‘zbekistondan oldindami?

19 mart kuni qo‘shni Qozog‘istonda navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Bu – mamlakatda amalga oshirilgan konstitutsion islohotdan keyingi birinchi saylovlar edi.

O‘tgan 2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tgan edi. Ba’zi kuzatuvchilar, ushbu namoyishlardan keyin, prezident To‘qayev siyosiy tizimni qattiqlashtirishi, gaykalarni “qattiqroq burashi”ni kutgan edi. Lekin, To‘qayev ommaviy ijtimoiy namoyishlarga kattagina ma’muriy-siyosiy islohotlar bilan javob berdi.

To‘qayev taklifiga ko‘ra, ko‘plab o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, qishloq, tuman va shahar xokimlari saylanadigan bo‘ldi. Siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olish osonlashtirildi. Ungacha 20 ming imzo talab qilingan bo‘lsa, bu talab to‘rt martaga qisqartirilib, 5 mingga tushirildi.

Parlamentga va mahalliy maslihatlarga (viloyat kengashlariga) ham saylov tizimi o‘zgartirildi. Parlamentdagi prezidentning vakillari soni qisqartirildi, ya’ni olib tashlandi. Natijada, parlament saylovlariga 70 foiz o‘rin partiya ro‘yxatlari asosida, 30 foiz joy bir mandatlik okruglar asosida saylanadigan bo‘ldi. Mahalliy maslihatlarga esa 50/50 foiz asosida saylovlar joriy qilindi.

To‘qayev prezidentlik mandatini ikkitadan bitta mandatga – 7 yillik muddatga qisqartirdi. Konstitutsiyaga ko‘ra, bundan keyin, hech bir shaxs 7 yildan ortiq prezident bo‘la olmaydi. Jumladan, To‘qayevning o‘zi ham. O‘tgan 2022 yilda saylangan To‘qayev, 2029 yilda hokimiyatdan ketishi kerak bo‘ladi. To‘qayevning o‘zi ham Qozog‘iston xalqiga va’da berib, 2029 yilda ketishini ko‘p bor ta’kidladi.

Shuningdek, To‘qayev prezidentlik vakolatini biroz qisqartirdi. Sud hokimiyatini biroz kuchaytirdi. Qonun darajasida prezidentning yaqinlari, qarindoshlari yuqori davlat mulozimlari va katta biznes egalari bo‘lishi taqiqlandi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida, 52 foiz aholi ishtirok etgan xolos. Bu yuqori ko‘rsatkich emas. Qozog‘iston jamiyatida tanqidiy fikrlash o‘ta yuqori. Jumladan, rasmiy, ya’ni davlat ro‘yxatidan o‘tgan mustaqil TV kanallarida ham hukumatni, davlat mulozimlarini tanqid qilish odatiy xolga aylanib bo‘lgan.

Saylovda Amanat partiyasi katta o‘rin olgan. Bu – sobiq NurOtan partiyasi. Bu partiya hokimiyat manfaatlariga xizmat qiladi. Shunday bo‘lsa-da, bu safargi parlamentga ikki yangi partiya kirishga muvaffaq bo‘lgan. Lekin eng taniqli va ashaddiy tanqidchi partiyalar, shaxslar parlamentga kira olmagan.

Qozog‘istonda vatandoshlik jamiyati ancha jonli. O‘tgan 2019-22 yillar davomida Qozog‘iston Adliya vazirligiga 18 ta yangi partiya loyihasini ro‘yxatdan o‘tkazish murojaati bo‘lgan. Qiyoslash uchun, O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i bir partiya loyihasi murojaat qilgan, u ham bo‘lsa, rad etilgan.

Qozog‘istonda OAV ancha erkin. Hukumat OAV erkinligi bilan kurashmayotgandek, aksincha, so‘z erkinligini imkon qadar hurmat qilishga intilayotgandek fikr uyg‘onadi. Geosiyosiy malalalarda, misol uchun, Rossiya-Ukraina urushi borasida ham, qo‘shni davlat TV kanallari juda erkin va tanqidiy gapirishadi. O‘zbekiston TV kanallarida esa, haliga qadar bu urush mavjud emas.

Har bir avtoritar davlatning demokratiyaga o‘tishida bir muhim bosqich bo‘ladi. Bu ham bo‘lsa, o‘sha avtoritar davlat, jamiyatning demokratlashuvi bilan kurashmaydi, aksincha, jamiyatning tanqidlariga chidaydi, jamiyatning o‘sishidan, yuksalishidan manfaatdor bo‘ladi. Nazarimda, To‘qayev davrida, Qozog‘iston mana shu nuqtaga yetib keldi.

Qozog‘istonda hali avtoritar og‘ishuvlar ancha kuchli. Siyosiy plyuralizmga to‘liq yo‘l ochilgani yo‘q. Lekin, aholisi O‘zbekistondan ikki baravar kichik bo‘lgan Qozog‘istonda, islohotlar ancha ildam ko‘rinadi, vatandoshlik jamiyati ikki baravar faolroq ekani bilinadi, demak, siyosiy tizim ikki baravar erkinroq deyishga asos beradi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzu
Rabbimov fikri
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'dagi mualliflik kolonkasi
Barchasi
Top