10:25 / 28.03.2023
6751

Tibbiyot xodimi faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi

Tibbiyot xodimining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Shavkat Mirziyoyev bu haqdagi tegishli qonunni imzoladi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 197-7-modda bilan to‘ldirilib, unda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Mazkur qilmish uchun fuqarolarga – 1,5 mln so‘mdan 2,1 mln so‘mgacha (bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha), mansabdor shaxslarga esa 2,1 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha (7 baravardan 10 baravargacha) jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq tarzidagi jazo belgilandi.

Bundan oldin pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilangandi.

Pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 45 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.

Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,1 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha jarima belgilanmoqda.

Top