23:50 / 30.03.2023
18060

AQSh amerikaliklarni darhol Rossiyani tark etishga chaqirdi 

Rossiyada WSJ jurnalisti hibsga olingach, AQSh rasmiylari shunday chaqiriq bilan chiqishdi. 

Foto: TASS

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Moskva sudi The Wall Street Journal (WSJ) jurnalisti Evan Gershkovichni hibsga olganidan keyin amerikaliklarni darhol Rossiyani tark etishga chaqirdi. Blinkenning ta’kidlashicha, Vashington sodir bo‘layotgan voqealardan «juda xavotirda». Avvalroq Moskva sudi Gershkovichni josuslik ishi bo‘yicha ikki oyga hibsga olgan edi. 

«Agar siz Rossiyaga sayohat qilayotgan yoki Rossiyada yashovchi AQSh fuqarosi bo‘lsangiz, iltimos, zudlik bilan bu mamlakatni tark eting», deb yozdi Blinken o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. 

Blinkenning ta’kidlashicha, Vashington amerikalik jurnalistning hibsga olinishidan «juda xavotirda» va AQSh fuqarolarining xavfsizligi birinchi o‘rinda turadi. 

AQSh departamenti ham bu haqda alohida bayonot berdi. Unda AQSh fuqarolari Rossiyani zudlik bilan tark etishi kerakligi aytiladi. Departamentning qayd etishicha, u WSJ bilan aloqada. 

«AQSh fuqarosi xorijda hibsga olinsa, biz darhol konsullik bilan bog‘lanamiz va barcha zarur yordamni ko‘rsatishga harakat qilamiz», deyiladi bayonotda. Unda Qo‘shma Shtatlar Kremlning jurnalistlar va fuqarolik jamiyati vakillarini «qo‘rqitishga urinishlari»ni qattiq qoralashi ta’kidlanadi. 

Oq uy ham vaziyatdan xavotirda ekanini bildirdi. «Rossiya hukumati tomonidan Amerika fuqarolarining ta’qib etilishi qabul qilinishi mumkin emas. Biz janob Gershkovichning hibsga olinishini keskin qoralaymiz», deyiladi Oq uy bayonotida. 

Moskvaning Lefortovo sudi 30 mart kuni The Wall Street Journal jurnalisti Evan Gershkovichni josuslik ishi bo‘yicha ikki oy muddatga hibsga oldi. Mahkama yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Ishda Gershkovichning maqomiga aniqlik kiritilmagan. Gershkovich 1986 yildan beri Rossiyada josuslikda ayblanib hibsga olingan birinchi amerikalik jurnalist bo‘ldi. Bu mamlakatda ayg‘oqchilik uchun maksimal jazo - 20 yil qamoq. 

Rossiya FXX 30 mart kuni WSJ jurnalisti hibsga olingani haqida xabar berdi. Bayonotga ko‘ra, Gershkovich «Amerika hukumati manfaatlarini ko‘zlab Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonasi ishi to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan». 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Gershkovichning «jinoyat ustida ushlanganini» aytdi, biroq tafsilotlarga aniqlik kiritmadi. Kreml vakilining qo‘shimcha qilishicha, WSJ nashrining «haqiqiy jurnalistik faoliyat» bilan shug‘ullanuvchi xodimlari Rossiyada ishlashda davom etishi mumkin. 

Top