12:46 / 31.03.2023
45578

Qatag‘on tashkilotchilari. Stalinning «katta terror»i davrida O‘zbekistondagi «uchlik» a’zolari kimlar edi?

1937-1938 yillarda SSSRda «katta terror» nomli keng ko‘lamli yirik qatag‘on operatsiyasi amalga oshiriladi. «Xalqlar qotili» Stalinning ushbu shafqatsiz kampaniyasi sabab millionlab odamlar turli bo‘hton va tuhmatlar bilan hibsga olinib, otib tashlanadi. Ular orasida o‘zbek xalqining jonkuyar farzandlari Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev, Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev, Qayum Ramazon, Majid Qodiriy, Ziyo Saidov kabilar ham bor edi.

Foto: Kun.uz

1937 yil 31 iyul kuni SSSR Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi (MQ) SSSR Ichki ishlar xalq komissarligining (NKVD) «Sobiq quloq qilinganlar, jinoyatchilar va boshqa sovetlarga qarshi unsurlarni qatag‘on qilish operatsiyasi haqida»gi N=00447 sonli buyrug‘ini tasdiqladi. Sovet respublikalarida qatag‘on qilinuvchi insonlar ro‘yxatini Ichki ishlar xalq komissarligi «maxsus uchligi» deb ataluvchi uchliklar shakllantira boshladi. Bunday «uchlik»lar tarkibiga respublika ichki ishlar xalq komissari, prokurori va kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi kirgan.

O‘zbek xalqining eng ziyoli qatlamini yo‘q qilishda ishtirok etgan O‘zSSR «maxsus uchligi» a’zolari kimlar edi?

Boris Sheydlin — O‘zSSR prokurori

Boris Sheydlin

O‘zSSR «maxsus uchligi» yig‘inining umuman almashmagan yagona a’zosi. U «katta terror» boshlanganidan to tugaguniga qadar «uchlik»da ishlagan va barcha qatag‘on hujjatlariga imzo chekkan.

Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zSSRda prokuror «uchlik» a’zosi emas, «uchlik» yig‘ini a’zosi hisoblangan, ya’ni Sheydlin terror tuzilmaning to‘laqonli ishtirokchisi bo‘lmagan.

Sheydlin O‘zSSRdagi qatag‘on siyosatida qatnashgan bo‘lsa-da, uning ishtiroki va ta’siri katta bo‘lmagan. Chunki 1937 yil 7 avgustda SSSR prokurori Andrey Vishinskiy respublikalar, o‘lkalar, viloyatlar prokurorlariga 00447-sonli buyruq ijrosi jarayonida prokurorning oldindan sanksiyasi talab etilmasligi to‘g‘risida topshiriq bergan. Bu esa NKVDga prokuror ruxsatisiz ham qonunni ijro etishga imkon yaratgan. Prokurorlar «katta terror» davrida ko‘p hollarda tasdiqlovchi vazifasini bajargan.

NKVD «uchligi»ning boshqa aksariyat a’zolaridan farqli ravishda, Sheydlinning o‘zi «katta terror» qatag‘oniga uchramagan. Repressiyalardan so‘ng, 1939 yil SSSR Bosh prokuraturasining fuqarolik-sud ishlari bo‘limi boshlig‘i lavozimiga o‘tkazilgan.

Nikolay Zagvozdin — O‘zSSR ichki ishlar xalq komissari

Nikolay Zagvozdin, 1938 yilda otib tashlangan

«Uchlik»ning birinchi rahbari. SSSR ichki ishlar xalq komissari Nikolay Yejovning «Sobiq quloq qilinganlar, jinoyatchilar va boshqa sovetlarga qarshi unsurlarni qatag‘on qilish operatsiyasi haqida»gi 00447-sonli buyrug‘i asosida 1937 yil 5 avgustda O‘zSSR NKVD «uchligi»ni tuzgan. 10 avgust kuniyoq 64 kishini otuvga hukm qilgan.

Biroq shu bilan Zagvozdinning O‘zSSRdagi faoliyati nihoyasiga yetgan. U Moskvaga chaqirib olingan va biroz o‘tib, Tojikiston SSR Ichki ishlar xalq komissari lavozimiga tayinlangan. Tojikistondagi qatag‘on siyosatida muhim rol o‘ynagan.

1939 yil fevralida NKVD tuzilmalaridagi aksilsovet tashkilotlariga a’zolikda ayblanib, hibcga olingan va oradan bir o‘tib, otib tashlangan. Oqlanmagan.

Derenik Apresyan — O‘zSSR ichki ishlar xalq komissari

Derenik Apresyan, 1938 yilda otib tashlangan

Apresyan Zagvozdin o‘rniga O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissari lavozimiga tayinlangan. U O‘zbekistondagi qatag‘on siyosatida juda katta o‘rin tutadi. Apresyan «maxsus uchlik» boshlig‘i sifatida «katta terror»ning asosiy tashkilotchisi bo‘ladi, otuv hukmlari chiqaradi va ijro qiladi.

Derenik Apresyan armanlarning «Dashnoqsutyun» partiyasi a’zosi bo‘lgan.

To‘g‘ri, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Cho‘lpon kabi jadidlarning otuv hukmlarini Apresyan emas, Toshkentda o‘tkazilgan SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor yig‘ilishi chiqaradi. Apresyan tergov o‘tkazadi va ushbu yig‘ilish qarorlarini ijro etadi.

Biroq 1938 yil oktyabriga qadar, ya’ni Oliy sud Harbiy kollegiyasi sayyor yig‘ilishi boshlangunga qadar O‘zSSRda chiqarilgan otuv hukmlarining qabul qilinishida, shubhasiz, Apresyan asosiy rol o‘ynaydi.

U 1938 yil 21 noyabrda O‘zSSR ichki ishlar xalq komissari lavozimidan bo‘shatiladi. Keyingi yilning fevral oyida NKVDdagi aksilsovet tuzilmalariga a’zo bo‘lish va terror o‘tkazishda aybdor deb topilib, hibsga olinadi va otib tashlanadi. Oqlanmagan.

Akmal Ikromov — O‘zSSR Kompartiyasi MQ Birinchi kotibi

Akmal Ikromov, 1938 yilda otib tashlangan

Akmal Ikromov 1929 yil O‘zSSR Kompartiyasi MQ Birinchi kotibi etib tayinlanadi. U «katta terror» boshlanishi bilan respublika MQ Birinchi kotibi sifatida «maxsus uchlik» tarkibiga kiradi. 1937 yilning sentabrigacha, ya’ni ishdan ketgunga qadar, bir nechta otuv va qamoq hukmlarini chiqarishda ishtirok etadi.

Akmal Ikromov «uchlik»dagi qisqa faoliyati davomida jami yuzdan ortiq o‘zbekistonlikning o‘limga hukm qilinishida bevosita qatnashadi.

1937 yil 5 sentabrda MQ Birinchi kotibligidan bo‘shatiladi va bir necha kundan so‘ng hibsga olinadi. Aksilinqilobiy terrorchi tashkilotga a’zo bo‘lganlikda ayblanadi hamda 1938 yil 15 martida Moskvada otib tashlanadi. 1957 yil to‘liq oqlanadi.

Usmon Yusupov — O‘zSSR Kompartiyasi MQ Birinchi kotibi

Usmon Yusupov va Kaganovich L.M. (SSSR siyosiy byurosi a’zosi, Markaziy Osiyoni nazorat qilgan) 

Akmal Ikromovdan keyin, 1937 yil 5 oktyabrda O‘zSSR Kompartiyasi MQ Birinchi kotibi lavozimini egallaydi (orada Jo‘ra To‘rabekov vaqtinchalik bu vazifani bajaruvchi bo‘lib ishlaydi). Usmon Yusupov Apresyan bilan birgalikda «katta terror» davridagi repressiyalarning markazida turadi. U partiyani «millatchilar» va «ayirmachilar»dan tozalash operatsiyasini o‘tkazadi.

Yusupov «katta terror» tugaganidan keyin ham, 1950 yilgacha MQ rahbarligida qoladi.

Usmon Yusupov «maxsus uchlik»ning o‘z davridagi barcha yig‘ilishlarida qatnashgan va hukm chiqarishda ishtirok etgan. Yusupovga nisbatan hech qanday jinoyat ish qo‘zg‘atilmagan.

Sodiqjon Boltaboyev — O‘zSSR Kompartiyasi MQ ikkinchi kotibi

Boltaboyev «maxsus uchlik»ning uchinchi a’zosi bo‘lgan.

U ham O‘zSSRdagi qatag‘on siyosatida katta rol o‘ynamagan. Chunki juda qisqa vaqt «uchlik» a’zosi sifatila ishlagan. 1937 yil 28 avgustda lavozimidan bo‘shatilgan va shu kuni qamoqqa olingan.

Sovet hokimiyatiga qarshi unsur deya ayblangan hamda 1938 yil martida otib tashlangan. Oqlanmagan.

Jo‘ra To‘rabekov — O‘zSSR Xalq komissarlari soveti raisining birinchi o‘rinbosari, keyinroq MQ Birinchi kotibi

Jo‘ra To‘rabekov (pastda o‘ng tomonda), 1938 yilda otib tashlangan

To‘rabekov «uchlik»da Boltaboyev o‘rnini egallaydi. Sentyabrda Akmal Ikromov qamoqqa olingach, bir muddat O‘zSSR Kompartiyasi MQning vaqtinchalik Birinchi kotibi etib saylanadi. Ammo To‘rabekov Boltaboyev kabi hokimiyatda ham, «uchlik»da ham ko‘p qolmaydi.

Shunday bo‘lsa-da, 1937 yil 12 sentabrdagi O‘zSSR «uchligi» yig‘ilishida ishtirok etadi va 117 kishi otuvga hukm qilinishida qatnashadi.

21 centyabrdayoq MQ Birinchi kotibligidan bo‘shatiladi va noyabr oyida «xalq dushmani» deb topilib, partiya va uning plenumlaridan chiqariladi. 1938 yil martida otib tashlanadi. Oqlanmagan.

Sulton Segizboyev — O‘zSSR Xalq komissarlari soveti raisi

«Uchlik»da To‘rabekov o‘rnini egallaydi. 1937 yil 5 oktyabrda, O‘zSSR hukumatidagi katta tozalashdan so‘ng XKS raisi etib tayinlanadi.

1938 yil iyuliga qadar, ya’ni «katta terror»ning eng qizg‘in davrida ishlagan va «uchlik» a’zosi bo‘lgan. Uning Moskvaga sodiq bo‘lgani va qatag‘on siyosatida faol ishtirok etganini 1937 yil SSSR Oliy sovetining birinchi chaqirig‘i deputati etib saylangani va 1938 yil yanvarda SSSR Oliy soveti ittifoq kengashi raisi o‘rinbosari etib tayinlanganidan sezish mumkin.

Segizboyev ikki mingdan ortiq o‘zbekistonlikka o‘lim hukmi o‘qilgan yig‘ilishlarda qatnashgan.

«Katta terror» davrida katta g‘ayrat bilan ishlagan Segizboyevning o‘zi ham oxir-oqibat shu terror qurboniga aylanadi. 1938 yil iyulida XKS raisligidan bo‘shatiladi va keyingi yili otib tashlanadi. Oqlangan.

Abdurahmon Abdujabborov — O‘zSSR Xalq komissarlari soveti raisi

M.I.Kalinin Abdujabborovga Mehnat qizil bayroq ordenini topshirmoqda

1938 yil 23 iyulda Segizboyev o‘rniga O‘zSSR XKS raisi etib tayinlagan. O‘z-o‘zidan «uchlik» a’zoligiga ham qo‘shilgan.

Abdujabborov o‘z o‘tmishdosh hamkasblaridan farqli ravishda oliy jazoga loyiq ko‘rilmagan (undan oldingi XKS raislari: Fayzulla Xo‘jayev, Abdulla Karimov va Segizboyev otib tashlangandi) va «katta terror» davridan tirik chiqqan.

Abdujabborovning so‘nggi repressiyalardagi o‘rnini baholash qiyin. Chunki bu davrda NKVD asosiy rolni o‘z qo‘liga olgan va O‘zSSRdagi qatag‘onlarga Moskva ham bevosita aralasha boshlagandi.

1950 yil avgustigacha O‘zSSR Vazirlar kengashi (oldingi Xalq komissarlari soveti) raisligida qolgan. Hech qanday jinoiy javobgarlikka tortilmagan.

O‘zbekistondagi «katta terror»da «maxsus uchlik»dan tashqari SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor yig‘ilishi ham ishtirok etgan. 1938 yil 4 oktyabrdan 16 oktyabrgacha har kuni o‘tkazilgan bu yig‘ilishlarda jami 507 nafar o‘zbekistonlik otuvga hukm qilingan. O‘zbek jadidlarining aksariyati aynan Harbiy kollegiya tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingandi.

Toshkentda o‘tkazilgan bu sayyor yig‘inlarni SSSR harbiy prokurori Georgiy Alekseev boshqargan. Sayyor yig‘ilish hukmlarini davlat xavfsizligi katta leytenanti Nikolay Shishkin va Ishchi-dehqonlar Qizil armiyasi bosh harbiy prokurori yordamchisi Shulsan ijro qilgan.

«Katta terror» davrida, ya’ni 1937-1939 yillarda O‘zSSR «maxsus uchligi» tomonidan 41 ming nafardan ko‘proq kishi qamoqqa tashlangan. Shulardan 37 mingdan ko‘prog‘i sudlanib, 6 ming 920 kishi otib tashlangan.

Muhammadqodir Sobirov

Top