01:09 / 02.04.2023
51652

Bosh prokuratura: Masharipov va Kuryazovga yengil jazo tayinlangan

Bosh prokuratura Urganchdagi mehribonlik uyining voyaga yetmagan tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada bo‘lib kelgan ikki amaldorga qo‘llanilgan jazoni yengil deb hisoblab, 29 mart kuni Oliy sudga protest kiritganini ma’lum qildi. Biroq Oliy sud 1 aprel holatiga hukm ustidan protest kelib tushmaganini bildirgandi.

Foto: Bosh prokuratura

Xorazm viloyatida bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyat bo‘yicha sud hukmi va apellyatsiya instansiyasi ajrimlarining qonuniyligi o‘rganib chiqilgan, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.

Bayon qilinishicha, A.Masharipov va A.Kuryazovlarga yengil jazo tayinlangan va boshqa holatlar yuzasidan Oliy sudning kassatsiya instansiyasiga 29 mart kuni protest keltirilgan.

Ayni holatda, ikki mahkama bayonotlari o‘rtasida ziddiyat bor. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ish yuzasidan 1 aprel holatiga kassatsiya tartibida protest yoki shikoyat kelib tushmaganini bildirgandi.

Bosh prokuratura axborotida jinoyat ishini sudda ko‘rib chiqishda davlat ayblovchisi sifatida qatnashgan prokuror ayblanuvchilarga qanaqa jazo berishni so‘ragani ochiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, bu mudhish jinoyatni jamoatchilikka “Sukut saqlama” loyihasi oshkor qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Xorazm viloyatida kamida ikki mansabdor – viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Oybek Masharipov (1979 y.t.) va tuman FVB rahbari Anvar Quryazov (1984 y.t.) oilaviy mehribonlik uyidagi 15-17 yoshli qizlar bilan jinsiy aloqa qilib kelgan. Bu ishga qizlarni 10 oy davomida mehribonlik uyi mudirasi majburlab kelgan. Mudira 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, ikki mansabdorga 1,5 yillik ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Bu jazoni avvaliga Xiva tumani sudi 2022 yil 6 sentabrda tayinlagan. Uch nafar ayblanuvchi bergan shikoyatni ko‘rib chiqqan Xorazm viloyati sudi apellyatsiya instansiyasi 27 dekabrdagi ajrimi bilan birlamchi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

Avvalroq Kun.uz yengil jazo tayinlangani holati bo‘yicha sudga shikoyat qilish vakolati bolalar ombudsmanida ham borligi, lekin u bu vakolatidan foydalanmaganiga e’tibor qaratgandi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil bu ishni o‘rganishni endi boshlagan.

Holat ma’lum bo‘lib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangani rezonansga sabab bo‘lgach, 1 aprel kuni Prezident administratsiyasi shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva Bosh prokuraturadan holatni sinchiklab o‘rganib, huquqiy baho berishni so‘ragandi.

Top