22:56 / 02.04.2023
28770

Xorazmdagi bolalar uyining jabrlangan qizlari xavfsizligi ta’minlandi – Saida Mirziyoyeva 

Xorazm viloyatida mansabdor shaxslar tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan, Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan, voyaga yetmagan qizlar himoyaga olindi.

Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram

Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva Xorazm viloyatida mansabdor shaxslar tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan, Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan, voyaga yetmagan qizlar himoyaga olingani haqida xabar berdi.

«Bugun biz Xorazmdagi bolalar uyining uch nafar jabrlangan qizlariga xavfsizlik ta’minlanishiga erishdik», deb yozdi u.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva qonunlarni qat’iylashtirish va zo‘ravonlikka mutlaq toqatsizlik normalarini yaratish vaqti kelganini ta’kidladi.

«Ularning xavfsizligi, ruhiy va jismoniy tiklanishi hozirda ustuvor masala. Shu bilan bir vaqtda bu kabi vaziyatlarda harakat qilish va, eng asosiysi, ularning oldini olish tizimini yaratish ustida ishlashimiz kerak. Qonunlarni qat’iylashtirish va zo‘ravonlikka mutlaq toqatsizlik normalarini yaratish vaqti keldi. Barcha darajalarda.

Bu vaziyatda menga umid bag‘ishlaydigan birdan-bir jihat borki, u ham bo‘lsa oshkoralik va fuqarolik jamiyatining ovozi. Ehtimol, busiz atrofda bo‘layotgan voqelardan ojizlarcha bexabar bo‘lib qolardik».

Saida Mirziyoyeva so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda bunday zo‘ravonlikka qarshi kurashish uchun real resurslar paydo bo‘lgan.

«Zo‘ravonlik doim bo‘lgan, lekin aynan hozir ochiqlik tufayli ushbu hodisa haqida baland ovoz bilan gapiryapmiz va bunga qarshi kurashish uchun real resurslarimiz paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston so‘z va media erkinligi borasida zimmasiga olgan majburiyatlari, bu jarayon barcha uchun juda og‘riqli kechayotgan bo‘lsa-da, o‘z mevasini bermoqda. Tizim bir kunda barpo etilib qolmaydi, bu uzoq yo‘l va manfaatlar kurashidir. Va bugun muammolarni erkin ko‘tarayotgan ovoz har qachongidan ham baland yangramoqda».

Saida Mirziyoyeva bu holat yuzasidan fuqarolik pozitsiyasini bildirgan barcha OAV va faollarga minnatdorlik bildirdi. 

«Amalda ishlaydigan odil sudlov tizimini yaratish yo‘lida birlashsak, kuch bo‘lamiz!», deb yakunladi u.

Avvalroq, Xorazmda viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i va tuman FVB rahbari Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelgani, 15-17 yoshlardagi himoyasiz qizlarni bu ishga Mehribonlik uyi mudirasi majburlagani, mudira 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingani, ikki mansabdorning ozodligi bir yarim yilga cheklangan haqida xabar berilgan edi.

Top