14:38 / 04.04.2023
45551

Sergelidagi birinchisi emas: onalar bolasi joniga qasd qilish holatlari nega to‘xtamayapti?

Poytaxtning Sergeli tumanida ayol o‘zi va uch norasida bolalarini 9-qavatdan tashlab o‘ldirishi butun jamiyatni larzaga soldi. Hali rasmiy va tasdiqlangan ma’lumotlar berilmay turib, aybdor bo‘yicha turli taxminlar bildirildi, ayolning ruhiy holatiga oid fikrlar ilgari surildi. Ming afsuski, qanchalar dahshatli tuyulmasin, onalarning o‘zi va bolalari joniga qasd qilish holati tez-tez uchrab turadi.

Foto: Kun.uz

Uch farzandini kanalga g‘arq qilgan ayol

2022 yil 3 noyabr kuni Samarqand tumani Jarqishloq mahallasida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan ayol qaynonasi bilan o‘rtalarida kelib chiqqan oilaviy kelishmovchilik natijasida unga jahl qilib, 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan birga o‘zini Darg‘om kanaliga tashlagan. Ular kanalda oqib ketayotganida Samarqand tumani Yangiariq mahallasida joylashgan oshxonada ishlovchi fuqarolar tomonidan suvdan chiqarib olingan.

Hodisa oqibatida ayolning ikki nafar farzandi vafot etadi. O‘zi va yana bir farzandi tuman markaziy shifoxonasiga olib boriladi.

O‘zi va uch qizini poyezd tagiga tashlagan ona

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida yashovchi ayol 2021 yilning 21 mart kuni Navoiy shahridagi dam olish maskanidan qaytayotib, Karmana tumani hududida o‘zi va uch nafar qizining joniga suiqasd qiladi. 31 yoshli ayol Navro‘z bayrami munosabati bilan 2013, 2016 hamda 2018 yilda tug‘ilgan qiz farzandlarini Navoiy shahridagi dam olish maskaniga olib borgan va ular bilan sayr qilgan. Ortga qaytayotganda esa Karmana tumanining «Malikrabot» qo‘rg‘oni hududida, Karmana – Tinchlik temir yo‘l bekatlari oralig‘ida o‘zi va farzandlarini poyezd tagiga tashlaydi.

Ularni yuk poyezdi urib yuborgan. Oqibatda ona Karmana tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Voyaga yetmagan 5 yoshli qizi esa og‘ir tan jarohati tufayli jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. 8 hamda 3 yoshli qizaloqlar baxtli tasodif tufayli omon qolgan.

Namanganda o‘zi va ikki bolasini suvga cho‘ktirgan ayol

2020 yilning 24 oktabr kuni Yangiqo‘rg‘on tumani “Eski yer” suv omborida suv betida uchta jasad qalqib chiqqan. Tezkor guruh bir nafar ayol va ikki nafar voyaga yetmagan bolalarning jasadlarini suvdan olib chiqadi.

Aniqlanishicha, marhum tumanning Navkent mahallasida yashagan ayol bo‘lib, u sha’riy nikohdagi turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan tutzor uchun mo‘ljallangan 2 gektar yerning 0,50 sotixini turmush o‘rtog‘i tomonidan ukasiga o‘tkazib berilganidan norozi bo‘lgan. Achchiq ustida o‘z joniga qasd qilish maqsadida ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari – uch yoshli o‘g‘li va 2 yoshli qizini “Eski yer” suv omborining boshlanish qismiga olib kelgan. Farzandlarini ketma-ketlikda suvga tashlab, ular cho‘kkaniga ishonch hosil qilgach, o‘zini ham suvga tashlagan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol o‘z joniga qasd qilishdan oldin yer maydonini berib yuborilishidan norozi ekanini bildirib, xat yozib qoldirgan.

Ikki bolani suvga g‘arq qilgan ona

2018 yil 25 iyun kuni soat 27 yashar ayol beliga arqon bilan 2 nafar farzandi, 7 yashar qizi va 3 yashar o‘g‘lini bog‘lab, o‘zini Andijon viloyati, Jalaquduq tumani hududidan oqib o‘tgan “Shahrixonsoy” kanaliga tashlagan. Ularni shu atrofdagi fuqarolar suvdan chiqarib olishgan. Ayolning hayoti saqlab qolingan, lekin voyaga yetmagan farzandlari voqea joyida vafot etgan.

Bir qarashda ayolning oilasi u qadar notinch ham bo‘lmagan. Turmush o‘rtog‘i chorva boqish bilan shug‘ullanib kelgan. Vafot etgan 7 yoshli qiz farzandi, tumandagi 25 – maktabning birinchi sinfida ta’lim olar edi. Marhum uch yoshli o‘g‘li esa, daun sindromi bilan tug‘ilib, davolanayotgan bo‘lgan.

“Qayerda qoldiraman, deb o‘yladim va bolani bo‘g‘ib o‘ldirdim”

Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi Saidaxon Tillavoldiyeva o‘zining o‘g‘li bo‘lgan, 2015 yil 4 noyabrda tug‘ilgan Firdavsbek Ibrohimjonovni 2018 yilning 2 apreli kuni bo‘g‘ib o‘ldirgan. Jinoyatni yashirish maqsadida, bolaning jasadini archa tagiga yashirib qo‘yadi.

Qo‘lga tushganida bolasini o‘z qo‘llari bilan o‘ldirgan ona o‘z gunohini quyidagicha izohlaydi: “Bolani tashlagani Toshkentdan qaytib keldim. Uchko‘prikka kelsam, opa yo‘q ekan. Keyin uni mashinada Andijonga yubormoqchi edim, ammo bola unamadi. Keyin buni qayga olib boraman, ishlashim kerak, menga joy yo‘q, buni qayerda qoldiraman, deb o‘yladim va bolani o‘ldirishga majbur bo‘ldim. Qo‘limda bo‘g‘ib o‘ldirdim, shunga majbur bo‘ldim. Uyga qaytay desam, ayam kiritmasdi. Dadam qabul qilishi mumkin edi, ammo ayam kiritmasdi, baribir bola ko‘chada xor bo‘lib o‘lardi. O‘ldirganimdan keyin, bag‘rimga bosib o‘tirdim, kechirim so‘radim...”.

Hojatxonaga tashlangan chaqaloqlar

2018 yil 5 mart kuni Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi B.X. bog‘dagi hojatxonada qiz tuqqan va uni qasddan o‘ldirish maqsadida hojatxonaga tashlab yuborgan.

2019 yil 2 iyul kuni fuqaro F.T. Surxondaryo viloyati Denov tumani, Lolazor mahallasidagi Habibobod bozori hududida joylashgan ayollar hojatxonasida qiz bola chaqaloqni tug‘ib, hojatxona ichiga tashlab ketgan.

Har ikki holatda ham chaqaloqlarning yig‘isini atrofdagilar eshitib qolishi natijasida bolalar qutqarib qolingan.

Kaltaklab o‘ldirilgan bolakay

Izboskan tumani Jaloliddin Manguberdi mahallasida yashovchi ikki bolaning onasi bo‘lgan ayol 2018 yil 15 oktabr kuni 5 yashar o‘g‘lini ayovsiz kaltaklagan. Uzun reyka bilan uyga qamab olib, kaltaklangan bolaning tanalari tayoq zarbidan momataloq bo‘lib ketgan. Kaltak azobidan bola dod solib ko‘chaga qarab yugurgan va yiqilib vafot etgan.

Guvohlarning aytishicha, ayol o‘ta asabiy bo‘lgan, bolalarini tez-tez kaltaklab turgan. Ma’lumot berishlaricha, ayolning eri Rossiyaga ishlagani ketgan, ayol tirikchilik vajidan qiynalib asabiy bo‘lib qolgan.

Ko‘rinadiki, hammani dahshatga tushiradigan holatlar yetarlicha ko‘p uchraydi. Bu esa jamiyatda ayollar ruhiyati bilan ishlash ko‘ngildagidek emasligi, bolalar himoyasi bo‘yicha muammolar bisyor ekanligini anglatadi. Sergeli fojiasidan keyin ham qator komissiyalar tuzilishi, vaziyat atroflicha o‘rganilishi shubhasiz. Ammo vakolatli tashkilotlar bo‘lib o‘tgan voqeani tahlil qilish bilan birga, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish bo‘yicha ishlashlari shart.

Abror Zohidov

Top