14:40 / 05.04.2023
42458

Norasidalarning zo‘rlanishi: jinoyatlar nega to‘xtamayapti?

Besh kundirki, o‘zbek jamoatchiligi Xorazmdagi bolalar uyida sodir etilgan dahshatli jinoyatni muhokama qilmoqda. Mavzu borasida o‘rganish, tahlil qilish lozim bo‘lgan juda ko‘p masalalar bor. Kun.uz muxbiri bu masalalar atrofida bir necha jamoatchilik faollari bilan suhbatlashdi.

Xorazmda mansabdorlar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelgani masalasi.

To‘g‘ri, o‘tgan kunlar davomida ish doirasida ko‘plab masalalar oydinlashib ulgurdi. Jamoatchilikning norozilik va e’tirozlaridan keyin ish qayta ko‘rilishi ham ma’lum bo‘ldi. Ammo mavzu borasida o‘rganish, tahlil qilish lozim bo‘lgan yana qator masalalar borki, Kun.uz muxbiri ana shu masalalarga oid savollarni bir qator jamoatchilik faollariga berdi.

Intervyu mehmonlari Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, iqtisod fanlari doktori, professor, jamoatchilik faoli Barnogul Sanaqulova va advokat Jahongir Mutalipov bo‘ldi.

— Abdurahmon aka, Barnogul opa, Jahongir aka, hozirgi beradigan savolimga faoliyatingizdan kelib chiqib, har biringizda alohida javoblar borligi tabiiy. Intervyuga sizlarni taklif qilganim sababi ham shuki, masalaga turli tomondan fikr olish va muammoning tub ildizlarini topish.

Bu mehribonlik uylarida norasida qizlarning zo‘rlanishi, toptalishi bo‘yicha O‘zbekistondagi yagona holat emas. Biz shu paytga qadar Marg‘ilonda, Qo‘qonda shu kabi ishlar bo‘lganini yaxshi bilamiz. Tergov izolyatorida bir necha qizlar homilador bo‘lib qolgani, ish figurantlari hattoki katta-katta hokimlar bo‘lganini bilamiz.

Xo‘sh, davlatchilik, millat uchun sharmandali jirkanchliklar nega to‘xtamayapti. Sabab, bo‘shliq, ildiz qayerda?

Abdurahmon Tashanov:

— Bu ishni ikki qismga ajratish kerak. Birinchidan, jinoyatchiga nisbatan o‘ta yengil jazo berilganligi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lyapti. Buni qonunchilikdagi bo‘shliqlar bilan malakalash mumkin. Ikkinchidan, bu soha nega muammolardan chiqmayapti, degan savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat boshqaruvi va ijtimoiy-siyosiy vaziyat bilan malakalanadi. Umumlashtirib olsak, korrupsion omillar, qonunchilikdagi bo‘shliqlar, an’ana shakliga kelib qolgan nimalardir bor. Bu illat sovet davrida ham bo‘lgan, mustaqillikning dastlabki yillarida avj oldi, 2018/19/20-yillarda ham bunday noxush holatlar bo‘ldi. Ya’ni bu yerda barcha omillar bir-birini yetaklab kelaveradi.

Umuman, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida pedofiliya jinoyatlari alohida ajratilmagan. Masalaning og‘ir nuqtalaridan biri ham shu. Oilaviy zo‘ravonliklar ham shunday. Saida Mirziyoyeva tashabbusi bilan oilaviy zo‘ravonlikka oid qonun hujjati qabul qilinyapti, lekin bu hujjat ham to‘liq shaklda emas. Bu muammolar mamlakatning taraqqiyot darajasi, demokratlashuvi yo‘li bilan bog‘liq. Xalqaro tajribada o‘tgan asrning 30-40-yillarida Yevropada ham bizdagi holat bo‘lgan. Bu narsa iqtisodiy holat bilan ham bog‘liq, chunki har bir muassasaga pul ajratish kerak va hokazolar.

JKda «pedofiliya» so‘zining o‘zi yo‘qligi, tan olinmaganligi — juda katta fojialardan biri. Omillarga qaytadigan bo‘lsak, hokimiyat idoraviy boshqaruvida bo‘shliqlar bor. Aytaylik, nega Marg‘ilondagi, Qo‘qondagi hodisalardan keyin xulosa chiqarilmadi? Demak, bu sohaning shunday muammolari bor.

2020 yilda prezident tashabbusi bilan bu soha Milliy gvardiya vasiyligiga biriktirilgan edi. Lekin Milliy gvardiya buni bo‘yniga oladigan darajada katta tashkilot emas, ular o‘zining ishidan ortmaydi. Ikkinchidan, rivojlangan mamlakatlarga e’tibor bersak, bu sohaga juda katta ijtimoiy mablag‘lar ajratiladi. O‘zbekiston esa hozirgi iqtisodiy salohiyati bilan bu muammoni qamrab olishi qiyin. Uchinchidan, rahbar xodimlarning etikasi. Hatto markaziy apparatda ham pedofillarning sherigi bor ekan, degan gaplar eshityapmiz.

Barnogul Sanaqulova:

— Juda qayg‘uli vaziyatda turibman. Biz Adliya vazirligini har tomonlama namuna sifatida ko‘rsatadigan vazirlik deb tanirdik. Shaffof ishlashini aytganmiz. Nega mana shunday obro‘si baland vazirlikda bunday holat bo‘lgan va 10 oy davom etgan vaziyatda xabari bo‘lmagani, hisobot bermagani, jamoatchilikni xabardor qilmagani juda katta savol tug‘diradi, aslida. “Compliance” tizimi bo‘yicha, axloq-odob kodeksi bo‘yicha ishlaydi vazirlik. Shulardan kelib chiqsak, ular o‘z xodimlarini davriy ravishda tahlil qilib borishi kerak. Ichki nazorat tizimida huquqiy baholar berilishi lozim. Hozirgi vaziyat biz bilmaganmiz, bilganimizda xodimni ishdan olganmiz, degan bilan yechilib qoladigan vaziyat emas. Agar holat 10 oylab davom etgan bo‘lsa, vazirlik tizimiga nisbatan savollar bor. Davlat budjeti tashkiloti va prezidentning davlat tashkilotlari oshkoraligini ta’minlash bo‘yicha qarori bo‘lsa-da, jamoatchilikka oshkor qilmasligi ham katta savolni maydonga chiqaradi: holat yuz bergandan keyin vazirlik amalga oshirilgan ishlar, chora-tadbirlar, xulosalar, kimlarga hayfsan e’lon qilingani va shu kabi ta’sir choralari haqida ma’lumot bermadi. Butun bir viloyatning Adliya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lish juda mas’uliyatli, katta vazifa. Demak, tizimda kamchilik bor. Murojaatlar bo‘lmagan holatda ham axloq-odob kodeksi bo‘yicha baho berishi kerak edi. Bizda bunday vaziyatlar yo‘q, bo‘lishi mumkin emas degan xalqaro sertifikat olgan vazirlik. Xodimi shu kabi ishlarni qilib yursa-yu, vazirlik xabar topmasa...

Adliya vazirligi lavozimga tayinlashda tanlov e’lon qiladi va eng yaxshisini oladi. Eng zo‘rining ahvoli shu bo‘lsa, boshqalardan nima kutiladi? Bu shaxs ishonchni oqlamagan bo‘lsa, o‘sha ishonchni kim berdi unga, degan savol ham bor. Zo‘ravonlik holati boshqa, bu yerda mansab suiiste’moli bor. U aynan mansabdor bo‘lgani uchun shu ishga qurbi yetdi. O‘sha qizlarning haq-huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan shaxslar haqida gap ketyapti. O‘tgan yili bu holat yuz bergan bo‘lsa, Adliya vazirligi matbuot hisobotlarida bu masala yo‘q. Demakki, u yerda ishlar noto‘g‘ri ketyapti.

Jahongir Mutalipov:

— Yuqorida qonunchilikda bo‘shliqlar bor, deb to‘g‘ri aytildi. Bu turdagi jinoyatlar tergovlari yopiq tarzda o‘tkaziladi, chunki shaxsning sha’ni va qadr-qimmati masalasi bor. Aybdor shaxslar mansabdor bo‘lgan. Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi, degan gap bor. Bu vaziyatda ular ham tanish-bilishlarini, boshqalarni ishga solgan, yugurgan.

JKning 128-moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan, 16 yoshga to‘lmaganlar bilan jinsiy aloqa qilish haqidagi. Lekin bu modda erkin aloqa qiladiganlarga nisbatan ishlatiladi. Ya’ni 16 yoshga to‘lmagan qizga uylanadi yoki sevishib qolishi mumkin, o‘sha vaziyatda shunday yengil jazo qo‘llanadi. U mansabdor shaxslarning ishida nomusga tegish to‘g‘risidagi moddalar ko‘rib chiqilmagan hatto. Agar ko‘rib chiqilganda, 118-moddaga asosan 10 yildan 15 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi tayinlanar edi.

Jabrlanuvchi qizlarga tergovchi ixtiyoriy bo‘ldimi, degan savol qo‘yadi. Kimdir majburlab olib bordimi, nima bo‘ldi, degan aniqlashtiruvchi savollar ularni chalg‘itadi. Shundan kelib chiqsak, tergovchilarning ilmsizligi bor. Qonundagi bo‘shliq esa JKning nomusga tegish haqidagi 118-moddasida mansabni suiiste’mol qilish bandi qo‘shilmagan. Nomusga tegishda kuch ishlatish nazarda tutiladi, mansabdorning mansabi shu ishni bajaradi o‘zi, u qanaqadir kuch ishlatishi shart emas. Turli tahdidlar orqali maqsadini amalga oshiradi mansabdor. Qonunda shu narsa kiritilishi kerak. Rivojlangan davlatlarda shunday moddalar, bandlar mavjud.

— Sizningcha, ushbu ish va uning doirasida bizga ma’lum bo‘lgan tafsilotlar, jumladan, sud tomonidan chiqarilgan hukm misolida ham qonunlar fuqarolar va davlat xizmatchilariga nisbatan ikki xil standartda ishlayotganday ko‘rinmayaptmi? Ya’ni jamiyatda ko‘p holatda qonunni qo‘llashda ijtimoiy adolat prinsiplari buzilayotgandek. Fikrlaringiz qanday?

Abdurahmon Tashanov:

— 2000 yildan 2010 yillarga qadar xuddi shu hodisa paralleliga o‘tkazsak, bir xil bo‘ladi. Hozir mehribonlik uyidagi qizlar bo‘lsa, u payt qamoqxonalardagi qizlar edi. Bu narsa BMTgacha borgan edi. Asosiy aybdorlar IIV xodimlari bo‘lgan. Qonunchilikka o‘zgartirish kiritildi, yana nimalardir bo‘ldi, to‘g‘rilangandek bo‘ldi. Lekin ikkinchi masala bor: prokuratura organlari bilan bog‘liq masala. Masalan, mustaqillik davrida 5-6 nafar bosh prokuror bo‘lgan bo‘lsa, shulardan 4 nafari qamoqda o‘tirdi. Shavkat Mirziyoyev bu bo‘yicha katta chiqishlar qildi. O‘ylaymanki, Adliya tizimi shunday isloh qilinadi. Chunki xulosalardan ma’lum bo‘lyaptiki, mutlaq o‘zgartirmay turib, natijaga erishish qiyin. Islohotga muhtoj tashkilot bo‘lib qoldi bu tizim.

Eng kamida oxirgi voqealardan keyin uzr so‘rashi kerak edi Adliya vazirligi. Shaxsan men erkak sifatida o‘sha jabrdiydalar oldida xijolat bo‘lib ketdim. Adliya vazirligi uyalishi kerak. Qaytaga bir nechtasi chiqib, bitta odam uchun biz aybdormizmi, deb yotibdi. Demak, qo‘lga tushmadingmi, o‘g‘ri emassan, degan qarash bilan yurishibdi.

Barnogul Sanaqulova:

— Adliya vazirligini biz yoki jamoatchilik obro‘sizlantirayotgani yo‘q, o‘zlarining xodimi shu ishni qildi. Kerak bo‘lsa, sudga berishi kerak buning uchun.

Moddalardagi aytilgan kamchilikning o‘zi mansabdor va oddiy fuqarolarga ikki xil qarash bor. Adliya tizimi mansabdorlarining ayblari olib tashlanib, qizlarga fohisha degandek maqom berilyapti qo‘llangan modda bo‘yicha. Oddiy bir mansabdor bo‘lmagan erkak shu ishni qilganda, 15 yil berishar edi.

Bu intervyudan keyin Adliya vazirligi bizni obro‘sizlantirishda ayblab, sudga berishga harakat qilib qolsa ham hayratga tushmayman.

Jahongir Mutalipov:

— Bu masalani oldin ham o‘ylaganman. Dalillar bilan aytishim mumkin. Mansabdorlik jinoyatlari uchun qonunlarda jazo chorasi kam, uzog‘i 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish mumkin. Mansabdor shaxslarga ma’muriy huquqbuzarlik uchun deyarli jazo ham yo‘q. Ya’ni masalan, fuqaroga nisbatan bo‘lgan ishni noto‘g‘ri malakalagan mansabdorga javobgarlik yo‘q. Agar hozirgi masala bo‘yicha ham qonunchilikda mansabdor shaxsga nisbatan alohida og‘irlashtiruvchi bandlar kiritilsa, shunday ishni qilishga qo‘rqar edi ular. Mansab ortiqcha mas’uliyat yuklar edi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Shohruzbek Abdurayimov.

Top