12:10 / 06.04.2023
5680

Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanyapti

Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan davlat chegarasi bilan bog‘liq ikkita qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

Foto: Senat.uz

Ta’kidlanishicha, davlat chegarasi xavfsizligini ta’minlashda amaldagi qonunda bir qator huquqiy kamchiliklar mavjudligi turli muammolarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, davlat chegarasi bilan bog‘liq asosiy tushunchalar berilmaganligi bois, faoliyat davomida fuqarolar, vazirlik va idoralar tomonidan turli tarzda talqin qilinyapti. Bu esa davlat chegarasi xavfsizligini ta’minlash, uni jihozlash, vazirlik va idoralar tomonidan o‘z vakolati doirasida belgilangan vazifalarni bajarishda bir qator muammo va tushunmovchiliklar keltirib chiqarmoqda.

Bundan tashqari, chegara hududlarida dehqonchilik qilish yoki chorvachilik bilan shug‘ullanishda qonunchilikda aniq normalar belgilanmaganligi sababli chegara zonalarida va chegaraoldi hududlarida yashovchi aholi turli qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonunda davlat chegarasini belgilash, o‘zgartirish, qo‘riqlash va himoya qilish sohasidagi asosiy tushunchalar,  davlat chegarasini quruqlikda, chegara daryolarida, ko‘llar, samoviy hudud va boshqa joylarda shaxslar va transport vositalarining kesib o‘tish tartibi aniq belgilab berilmoqda.

 Shuningdek, qonunda davlat chegarasini delimitatsiya, demarkatsiya va redemarkatsiya qilish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi va chegaradosh davlatlarning vakillaridan iborat bo‘lgan hukumatlararo komissiya tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatilmoqda. Qolaversa, davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishni amalga oshirishda qurolni, harbiy texnikani, maxsus vositalarni, jismoniy kuch va xizmat hayvonlarini qo‘llash sharoiti va tartibi kiritilmoqda.  

“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunda esa chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaganligi va uning o‘z xizmat burchlarini bajarishiga qarshilik ko‘rsatganligi uchun alohida javobgarlik belgilanyapti.

Ma’lum qilinishicha, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning tegishli moddasidagi talablar, ya’ni chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining qonuniy talablarini bajarmaslik va ularning qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish orqali ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun belgilangan jarimaning kamligi huquqbuzarlik uchun qo‘llanadigan jazo ta’sirchanligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Kodeksning 225-moddasidagi tegishli qismlari, ya’ni chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalari yoki muddatlarini buzishi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish, shaxsni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish hamda transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish vakolati ichki ishlar organlari bilan bir qatorda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga ham berilmoqda.

Senatorlar ushbu qonunning ma’qullanishi chegara qo‘shinlari faoliyati samaradorligini oshirishga, fuqarolar ovoragarchiligining oldini olishga, ularning vaqti hamda mablag‘larining ortiqcha sarflanishiga chek qo‘yishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

Har ikki qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Top