12:22 / 06.04.2023
11956

«Telefonimga sim-karta olmoqchi bo‘lganimda ham fuqaroligim yo‘qligi sabab ololmasdim» - Aziza Oripova

«Uzbekistan Airways» kompaniyasining samolyotlar kompleksida «Konstitutsiya o‘zimizniki!» targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Aviatsiya xodimlari uchun tashkil qilingan tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonga kirib kelayotgan xususiy aviakompaniyalar, Haj va Umra ziyoratlari uchun ochilgan eshiklar, tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar, fuqarolik munosabatlaridagi o‘zgarishlar hamda ularning yangilanayotgan Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilayotgani haqida nutq so‘zladi.

2008 yilda O‘zbekistonga kelgan qirg‘izistonlik Aziza Oripova respublika fuqaroligini olishda ko‘p to‘siqlarga uchragan. 14 yil davomida mamlakatda yashasa ham, hujjatli ishlarda doim muammolarga duch kelganini aytadi u.

«Oddiy telefonimga raqam olishga borganimda ham, fuqaroligingiz O‘zbekistonniki emas ekan, sizga sim-karta berolmaymiz, deyishsa, o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilganman. Bir tanishim agar o‘zbekistonlikka turmushga chiqsam, O‘zbekiston fuqaroligini olishim mumkinligini aytdi. Taqdir taqozosi bilan O‘zbekiston fuqarosiga turmushga chiqdim. Keyin Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi pasport idorasiga borib bildimki, pasport berilmas ekan», - deydi Aziza Oripova.

U bunday chig‘iriqlardan ko‘p o‘tadi. Hujjatidagi kamchiliklari uchun hatto telefoniga sim-karta sotib olishda ham muammoga duch keladi. Pasport, fuqarolik olish uchun Aziza barcha imkoniyatlarini ishga soladi, harakat qiladi. Ammo pasportga ega bo‘lish imkoni orqaga surilaveradi. Shunday kunlarning birida, 2022 yilning noyabr oyida unga qo‘ng‘iroq qilishib, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganligini aytishadi.

Buning uchun u O‘zbekiston qonunchiligidan minnatdorligini izhor qilib, ilk bor o‘z fuqarolik huquqidan foydalanib, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Referendumda ishtirok etishini ma’lum qildi. 

Top