16:36 / 07.04.2023
12659

Ukraina Qrimni Rossiyaga berish haqida: Hududlarimiz bilan savdolashmaymiz

Foto: AP

Ukraina Braziliya prezidentining Rossiya agressiyasini to‘xtatish bo‘yicha yechim topish borasidagi sa’y-harakatlarini qadrlaydi, biroq «o‘z hududlari bilan savdolashmasligini» eslatishga majbur, deya ma’lum qildi TIV matbuot kotibi Oleg Nikolenko. 

«Ukraina yerining kamida bir santimetrini berishimiz uchun hech qanday huquqiy, siyosiy va ma’naviy sabab yo‘q. Ukrainaning pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda: Ukrainada tinchlikni tiklash bo‘yicha har qanday vositachilik harakatlari Birlashgan millatlar tashkiloti nizomi tamoyillariga muvofiq Ukraina yaxlitligi, suverenitetini hurmat qilish va hududning to‘liq tiklanishiga asoslangan bo‘lishi kerak», deb yozdi Nikolenko Facebook’da.

Avvalroq Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva urushni tugatish uchun Qrimni Rossiyaga berishni taklif qilgandi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, u Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan Ukrainaning Qrimdan «bosh tortishi» haqidagi taklifni shaxsan muhokama qilmoqchi. 

«Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina hududini qo‘lga kirita olmaydi. Balki Qrimni muhokama qilarmiz. Lekin u qo‘shimcha ravishda nima qo‘lga kiritganini qayta ko‘rib chiqishi kerak», - dedi da Silva Braziliyada jurnalistlar bilan uchrashuvda. 

Bundan oldin AQShning Yevropadagi sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general-leytenant Ben Xodjyes Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrim Ukrainaning qarshi hujumi uchun «hal qiluvchi hudud» ekanini aytgandi

Agar Qrim ozod etilsa, hammasi o‘zgaradi, dedi Xodjyes. Uning fikricha, Ukraina kuchlarining bo‘lajak operatsiyasi yarimorolni, keyinroq esa Donbassni ozod qilishga qaratilgan bo‘ladi.

Hozir Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda va bo‘lajak operatsiya haqidagi ma’lumotlarni har tomonlama himoya qilmoqda. Qarama-qarshi hujumning muvaffaqiyati Rossiya harbiy qismlariga «falokatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi Xodjyes.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top