08:06 / 08.04.2023
13396

NYT: AQShning yangi maxfiy hujjatlari internetga «sizdirildi»

Ijtimoiy tarmoqlarda Pentagonning yangi maxfiy hujjatlari paydo bo‘ldi - ular Ukraina, Yaqin Sharq va Xitoyga tegishli.

Foto: Getty Images

7 aprel, juma kuni The New York Times (NYT) gazetasining yozishicha, internetda Amerika xavfsizlik xizmatlari va harbiy departamentlari ishi natijalarini aks ettiruvchi, «sizdirilgan» yangi maxfiy hujjatlar to‘plami paydo bo‘la boshladi. Hujjatlarda turli maxfiy ma’lumotlar, jumladan, Ukraina, Yaqin Sharq, Hind-Tinch okeani mintaqasi va Xitoy bo‘yicha brifinglar, shuningdek, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha rasmiy foydalanish uchun mo‘ljallangan hisobotlar mavjud.

Nashr tayangan nomi oshkor etilmagan rasmiylarga ko‘ra, yangi partiyada yuzga yaqin hujjat chop etilgan. NYT suhbatdoshi bu voqeani Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya va AQShni o‘z ichiga olgan FVEY razvedka alyansi uchun «qo‘rqinchli tush» deb atadi.

Avvalroq internetda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq bir qator AQSh maxfiy hujjatlari e’lon qilingan edi - ular orasida kuchlarni moslashtirish, Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berish, Ukraina havo hujumidan mudofaa qobiliyatini baholash va Ukraina Qurolli kuchlarining bahorgi qarshi hujumi tafsilotlari haqida ma’lumot. Shu bilan birga, e’lon qilingan hujjatlar 1 martdan kechiktirilmagan sanalar bilan belgilangan, bu ularning ahamiyatsizligini ko‘rsatishi mumkin.

AQSh Mudofaa vazirligi vakillari avval chop etilgan hujjatlarning haqiqiyligi haqidagi savollarga javob berishdan bosh tortdi, biroq idora «bu hisobotlarni o‘rganayotgani» haqida rasmiy bayonot tarqatdi.

Top