23:55 / 11.04.2023
72200

AQSh sun’iy idrok uchun qoidalarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda

Prezident Bayden yuqori texnologiyalar bo‘yicha ekspert kengashi bilan sun’iy intellektni ehtimoliy tartibga solish mavzusini muhokama qilgan.

Foto: Reuters

The Wall Street Journal (WSJ) ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti Jozef Bayden ma’muriyati ChatGPT chatboti kabi so‘nggi sun’iy idrok (SI) texnologiyalari uchun qoidalarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

Ma’lum qilinishicha, AQSh Savdo vazirligi maxsus idoralar, ekspertlar, tashkilotlar va kompaniyalardan so‘nggi SI vositalaridan foydalanishning ehtimoliy xavf-xatarlari, ularni sertifikatlash va hokazolar bo‘yicha «javobgarlik choralari» to‘g‘risidagi taklif va istaklarni qabul qilishni boshlagan.

60 kun muddatda vazirlik fikr-mulohazalar va takliflarni qabul qiladi, tegishli tahlildan so‘ng ulardan SI sohasida davlat tomonidan tartibga solishning mumkin bo‘lgan chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hisobotda foydalaniladi.

Xabar qilinishicha, prezident Baydenning o‘zi Google, Microsoft va boshqalar kabi kompaniyalar vakillarini o‘z ichiga olgan yuqori texnologiyalar bo‘yicha ekspert kengashi bilan sun’iy intellektni ehtimoliy tartibga solish mavzusini allaqachon muhokama qilgan.

Avvalroq, Ilon Mask va minglab ekspertlar sun’iy idrokni rivojlantirishni to‘xtatishga chaqirgani, ularni sivilizatsiya ustidan nazoratni yo‘qotish xatari xavotirga solayotgani haqida xabar berilgan edi.

Top