23:36 / 12.04.2023
14260

Dala chetlarini o‘zlashtirish, ularda mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha prezident qarori imzolandi 

Sirdaryo viloyatida foydalanilmay bo‘sh turgan dala chetlari hamda kollektor-drenajlar atroflaridagi 500 gektar maydonda ixcham «ijtimoiy issiqxona»lar tashkil etiladi. 

«Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi. 

Qayd etilishicha, fermer xo‘jaliklarining dala chetlarida 58,9 ming gektarga yaqin maydonlar bugungi kunda yer egalari tomonidan to‘liq foydalanilmayapti. 

Qaror bilan Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligiga fermer xo‘jaliklarining dala chetlarini o‘zlashtirish, ularda mahsulotlar yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarning ishonchli xaridini tashkil qilish vazifasi yuklatildi. 

Buning uchun agentlikka 2023 yilda har bir tumanga 4 nafargacha, jami 672 nafargacha mavsumiy agronomlarni ishga qabul qilishga ruxsat berildi. 

Agentlikning Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 2023 yilda ajratilishi ko‘zda tutilgan 400 milliard so‘m budjet ssudasi hisobidan 100 milliard so‘m yillik 10 foiz stavkada quyidagi maqsadlar uchun sarflanishi belgilandi. 

Dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug‘, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlanadi. Suv bilan ta’minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatishga qarz shartnomasi asosida, naqd pul shaklida qishloq xo‘jaligi korxonalari va dala cheti yer egalariga 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada qarz ajratiladi. 

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi quritish sexi va sovitkichli omborxonalarni xarid qilishga Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Ushbu mablag‘lar Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonalariga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada ajratiladi. 

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida qishloq xo‘jaligi yerlari atrofida kollektor-drenaj tarmoqlari mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga zovur suvlarida 200-250 boshdan o‘rdak boqish va asalari uyasi tashkil qilishuchun yillik 14 foiz stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi. 

Sirdaryo viloyati hokimligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2023-2025 yillarda Sirdaryo viloyatida foydalanilmay bo‘sh turgan dala chetlari hamda kollektor-drenajlar atroflaridagi 500 gektar maydonda ixcham «ijtimoiy issiqxona»ni tashkil qilib, «Temir daftar», «Yoshlar daftari», «Ayollar daftari»ga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga tayyor holda 2,5 sotixdan ajratilishini ta’minlanadi. 

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga «ijtimoiy issiqxona» loyihasini amalga oshirishni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlaridan 50 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit resurslarini jalb qilish topshirildi. 

Mavzuga oid
Top