19:29 / 13.04.2023
8683

Shavkat Mirziyoyev dala chetlarida mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, dala chetlaridan unumli foydalanish orqali 337 ming tonna qo‘shimcha mahsulot olish imkoniyati bor.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu haqda 23 mart kuni qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda topshiriq berilgan edi. Shundan so‘ng Kadastr agentligi tomonidan o‘tkazilgan xatlovda 60 ming gektarga yaqin dala chetlaridan to‘liq foydalanilmayotgani aniqlandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu maydonlardan unumli foydalanish orqali 337 ming tonna qo‘shimcha mahsulot olish imkoniyati bor.

Taqdimotda qayd etilganidek, bu ishlarni Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi tashkil etadi. Buning uchun agronomlar mavsumiy ishga qabul qilinadi. Sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti Agentlikka biriktiriladi.

Dala chetlarida dehqonchilik qilish uchun urug‘, ko‘chat, o‘g‘it va suv ta’minoti maqsadlariga 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash uchun muhim bo‘lgan quritish va sovitish uskunalarini xarid qilishga 50 milliard so‘m ajratiladi.

Dala chetidagi zovur va suv bo‘ylarida 600 ming bosh parranda boqish hamda qariyb 300 mingta asalari uyasi joylashtirish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Hozirda fermer xo‘jaliklari tomonidan yer maydonlari ikkilamchi ijaraga faqat 1 yilgacha beriladi. Tok, tut, terak kabi daraxtlar ko‘p yilda yetilishini hisobga olib, bu muddat 10 yilgacha etib belgilanmoqda.

Davlat rahbari bu chora-tadbirlarni ma’qullab, uning ijrosini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Top