10:49 / 15.04.2023
5861

Pensiya islohoti: Parijda 100 dan ortiq namoyishchi qo‘lga olindi

Parijda Konstitutsiyaviy kengash Makronning pensiya islohotiga ruxsat berganidan keyingi namoyishlar chog‘ida 112 kishi qo‘lga olindi, deb yozadi AFP.

Foto: AP

Parijda 14 aprel, juma kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:30 da Konstitutsiyaviy kengash Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning pensiya islohotiga ruxsat berganidan keyingi namoyishlar chog‘ida 112 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda politsiyaga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.

Poytaxtda namoyishchilar velosipedlar, elektroskuterlar va chiqindi qutilariga o‘t qo‘ydi. Yuzlab ishtirokchilar bilan norozilik namoyishlari mamlakatning boshqa shaharlari – Marsel, Tuluza va Lionda ham bo‘lib o‘tdi. Ikkinchisida politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Marselda norozilik namoyishlari qatnashchilari relslarga chiqqani sababli poyezdlar harakati to‘xtatildi. Fransiya g‘arbidagi Renn shahrida namoyishchilar politsiya bo‘limi va kongress markazlaridan birining eshiklariga o‘t qo‘ydi.

14 aprel kuni Fransiya Konstitutsiyaviy kengashi islohotni qonuniy deb tan oldi va pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshgacha oshirishni ma’qulladi. Shu bilan birga, u muxolifat partiyalarining pensiya yoshini oshirishni taqiqlash bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi iltimosini rad etdi. Shu tariqa, Elizabet Born hukumati Fransiya qonunchiligi taqdim etgan imkoniyatdan foydalanib, qonunni prezident Makronning tashabbusi ko‘plab muxoliflarga ega bo‘lgan parlamentda muhokama qilmasdan qabul qildi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy kengash islohotning asosiy qoidalarini huquqiy deb atagan holda, yuridik xatolarni aniqladi va qonun loyihasining bir qator moddalarini, xususan, 55 yoshdan oshganlarni ishga joylashtirishdan bosh tortgan korxonalarga jarima solish to‘g‘risidagi bandni noqonuniy deb topdi. Shunga qaramay, Fransiya OAV Makronning yirik g‘alabasi haqida yozyapti.

Top