Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Parijda 100 yillik taqiqdan keyin Senada cho‘milishga ruxsat berildi
Daryoni tozalash ishlariga 1,4 milliard yevrodan ortiq mablag‘ sarflandi.
Parijda 1923 yildan beri amal qilib kelgan taqiq bekor qilindi – Sena daryosi ommaviy suzish uchun qayta ochildi. Bunga 2024 yildagi Olimpiya o‘yinlari arafasida amalga oshirilgan keng qamrovli ekologik islohotlar yordam bergan.
100 yillik taqiq tugadi
Sena daryosida ommaviy suzish 1923 yilda man etilgan edi. Bunga daryodagi yuk tashuvchi va sayr kemalari harakati, shuningdek, suv sifati bilan bog‘liq ekologik muammolar sabab bo‘lgan. Hatto suzish bo‘yicha an’anaviy Rojdestvo musobaqalari ham Ikkinchi jahon urushi davrida to‘xtatilgan.
Faqat 1988 yilda Fransiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Jak Shirak bu masalani qayta ko‘tardi va suzishni tiklash uchun bosqichma-bosqich ish olib borishga chaqirgandi. Shundan beri Sena suvini tozalash bo‘yicha keng ko‘lamli choralar amalga oshirildi.
Olimpiada oldidan katta investitsiya
2024 yil yozidagi Parij Olimpiadasi arafasida Sena daryosini ekologik toza holga keltirish uchun 1,4 milliard yevrodan ortiq mablag‘ sarflandi. Toza suv uchun tayyorlangan maxsus hududlarda triatlon va ochiq suvda suzish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.
Jamoat uchun uchta maxsus hudud
Suzish uchun Sena bo‘ylab uchta maxsus jamoat hududi ajratildi:
- Eyfel minorasi yaqinida
- Notr-Dam sobori hududida
- Shaharning sharqiy qismida
Ushbu joylarda maxsus kiyinish xonalari va dushlar bo‘lib, har bir hududda bir vaqtda 300 nafargacha odam cho‘milib, dam olishi mumkin.
Suzish maydonchalari avgust oyi oxirigacha muayyan soatlarda bepul ishlaydi. Yosh chegarasi hududga qarab 10 yoki 14 yoshdan boshlanadi. Har bir hududda xavfsizlikni ta’minlash uchun qutqaruvchilar navbatchilik qiladi.
Qayta tiklashga nega shuncha vaqt ketdi?
XX asrda Parij aholisi keskin oshdi, sanoat miqyosi kengaydi va natijada Senadagi suv sifati keskin yomonlashdi. Asosiy muammolardan biri sifatida XIX asrda qurilgan kanalizatsiya tizimi tilga olinadi: bu tizimda oshxona va hojatxonalardan chiqadigan suvlar suv tozalash inshootlariga yuborilardi. Yog‘ingarchilik vaqtida esa tizimdagi ortiqcha suv Senaga to‘g‘ridan to‘g‘ri tushardi.
So‘nggi 20 yil ichida amalga oshirilgan loyihalar daryodagi ifloslik, ayniqsa, inson axlatii bilan bog‘liq bakteriyalar miqdorini ancha pasaytirishga yordam berdi.
Olimpiadadan avvalgi shubhalar
2024 yil yozidagi Olimpiada arafasida daryoni tozalash ishlariga 1,4 milliard yevrodan ortiq mablag‘ sarflandi. Aynan shu keskin chora-tadbirlar tufayli daryo suzish uchun yaroqli holga kelgani ta’kidlanmoqda.
Ammo o‘shanda Sena suvi hali ham to‘liq tozalanmagani haqida shubhalar paydo bo‘lgandi. Kuchli yomg‘irlar oqibatida daryo suvi sifati yomonlashib ketgan va sportchilar to‘liq tayyorgarlik ko‘ra olmagan.
Shuning uchun Parij shahri meri va Olimpiada tashkilotchilari o‘tgan yili yozda ommaviy suzish hududini shaxsan sinab ko‘rish uchun daryoga tushib, uning xavfsizligini ko‘rsatishga harakat qilishdi.

Yangi era boshlandi
6 iyul, shanba kuni soat 08:00 da (Parij vaqti), o‘nlab odamlar birinchi bo‘lib rasman ruxsat berilgan vaqtda daryoga tushishdi. Ushbu voqea nafaqat ekologik islohotlar samarasi, balki Parij Olimpiadasining muhim merosi sifatida baholanmoqda.
Senada ommaviy suzish qayta tiklanishi Fransiya poytaxti uchun yangi ekologik va turizm imkoniyatlarini ochib berishi taxmin qilinmoqda.
Mavzuga oid
11:00
Parij isroillik vazirga qarshi sanksiyalar joriy qildi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
08:50 / 08.06.2026
SIPRI: dunyoda yadroviy qurollar soni yana o‘sishi mumkin
20:14 / 31.05.2026