15:01 / 17.04.2023
35197

Samarqandlik san’atkor “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuviga chiqaman deb chuv tushdi

U ko‘rsatuvga chiqish uchun firibgarning plastigiga 1,5 mln so‘m o‘tkazib bergan. Aldanganini bilganidan so‘ng esa ichki ishlar organiga murojaat qilgan.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati tomonidan tayyorlangan videolavhada noma’lum shaxs samarqandlik san’atkorga telefon qilib, o‘zini Zo‘rTV telekanalida efirga uzatiladigan “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuvining boshlovchisi deb tanishtirgani, uni ko‘rsatuvga chiqarishni va’da qilib, buning uchun 1,5 mln so‘m so‘ragani haqida so‘z boradi.

Qopqondagi shaxs firibgarning plastik kartasiga so‘ralgan pulni o‘tkazib beradi. Shundan so‘ng “ko‘rsatuv boshlovchisi” telefonni o‘chirib qo‘yadi va u bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmaydi. Aldanganini tushungan san’atkor Samarqand shahar IIO FMBga arz qiladi.

Samarqand viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan mazkur jinoyatni Andijon viloyati Marhamat tumanida yashovchi 36 yashar erkak sodir etgani aniqlangan.

Firibgar tergov davomida qilmishiga iqror bo‘lgan va aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganini aytgan.

Samarqandlik san’atkorni chuv tushirgan kimsaga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Oliy Majlis Senatida ishlovchi Sayyora G‘oziyevna ism-sharifli tanishi orqali Bosh prokuraturaga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 10 ming dollar olgan firibgar erkak “xizmati” uchun yana 18 mln so‘m olayotgan vaqtida DXX va IIV Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan, tergov davomida «Senatda ishlovchi Sayyora G‘oziyevna» ham uning o‘zi bo‘lib chiqqan, u telefon orqali ayol kishining ovozida o‘zini Sayyora G‘oziyevna deb tanishtirib, fuqarolarni ishontirib kelgani aniqlandi.

Top