14:14 / 20.04.2023
6663

NASA Kiyevga sun’iy yo‘ldosh qulagani haqidagi ma’lumotni inkor qildi

19 aprel oqshomida Kiyev osmonida yorqin chaqnash kuzatildi. Ukraina poytaxti rasmiylari hech qanday raketa hujumi bo‘lmaganini, hodisa sabablari o‘rganilayotganini ma’lum qildi. 

Videodan kadr

AQSh Milliy aerokosmik agentligi (NASA) o‘zining kosmik sun’iy yo‘ldoshi Kiyev viloyatiga qulagan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etdi. NASA vakilining 20 aprel, payshanba kuni AFP’ga aytishicha, qulagani gumon qilinayotgan RHESSI apparati hozircha orbitada. Uning ta’kidlashicha, NASA va AQSh Mudofaa vazirligi orbitadan chiqishi kerak bo‘lgan ushbu sun’iy yo‘ldoshni kuzatishda davom etmoqda. 

O‘z navbatida, Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popko 19 aprel kuni NASA sun’iy yo‘ldoshi yoki meteorit qulagan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabar dastlabki ma’lumot ekanligini, vaziyat qo‘shimcha o‘rganilayotganini aytdi. «Tekshirish va aniqlashtirishdan so‘ng, dushman samolyotlaridan foydalanish ehtimoli yoki raketa qurollari bilan havo hujumi uyushtirilgani haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmadi», — deb yozdi u Telegram’da.

19 aprel oqshomida Kiyev osmonida yorqin chaqnash kuzatildi. Shundan so‘ng Sergey Popko Telegram’da bu hodisa NASA kosmik sun’iy yo‘ldoshining Yerga qulashi oqibati bo‘lishi mumkinligini yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p o‘tmay e’lon qilingan havo trevogasi sun’iy yo‘ldosh parchalari qulashi oqibatida qurbonlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik istagi bilan izohlangan. O‘z navbatida, Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyev osmonida sodir bo‘lgan portlash sun’iy yo‘ldosh yoki meteorit qulashi bilan bog‘liqligini va bu ma’lumotlar aniqlashtirilayotganini ma’lum qildi. 

Ayni paytda, koinotga bag‘ishlangan Alpha Centauri ta’lim loyihasi, katta ehtimol bilan qulagan obekt meteorit bo‘lganini da’vo qilmoqda. 2002 yildan 2018 yilgacha quyosh chaqnashlarini kuzatgan eski NASA RHESSI sun’iy yo‘ldoshi haqiqatan ham 19 aprel kuni atmosferaga kirishi kerak edi, ammo uning tushish trayektoriyasi Ukraina hududidan juda uzoqda, deya ta’kidladi Alpha Centauri. 

Mavzuga oid
Top