07:32 / 25.04.2023
6163

Shavkat Mirziyoyev Rustam Minnixonov bilan uchrashuvda hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi

Rossiya bilan keng ko‘lamli hududlararo hamkorlikni rivojlantirish doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev Tatariston raisi Rustam Minnixonovni qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-humanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv chog‘ida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishbilarmonlar o‘rtasidagi sheriklikka oid istiqbolli loyihalar, mamlakat boshqa hududlarida ham yangi industrial parklarni ochish va mavjudlarini rivojlantirish, innovatsiyalar, kichik biznes va axborot texnologiyalari sohalarida hamda kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik dasturlarini qabul qilish masalalari muhokama qilindi.

Toshkent shahrida o‘tayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ishida Rossiya ishbilarmon doiralari delegatsiyasi tarkibida Tataristonning kompaniya va korxonalari faol ishtirok etayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari “yo‘l xarita”si asosida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish yuzasidan tizimli ishlarni tashkil etish muhimligini qayd etdi.

Mavzuga oid
Top