11:27 / 25.04.2023
7066

Tixanovskaya: Ukraina erkinligi - Belarusning ham erkinligi

Belarus muxolifati yetakchisiga ko‘ra, Belarusda ko‘pchilik Ukrainani qo‘llab-quvvatlamoqda, yuzlab belaruslik ko‘ngillilar Ukraina tomonida jang qilmoqda.

Foto: dpa

Belarusning erkinligi Ukrainaning Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonishi zaruriy shartidir, Ukraina va Belarus taqdiri bir-biri bilan chambarchas bog‘liq, dedi Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya 24 aprel, dushanba kuni Berlindagi «Ozodlikni muhokama qilish» yillik tadbirida so‘zlagan nutqida. 

«Erkin Ukrainasiz erkin Belarus bo‘lmaydi va erkin Belarussiz xavfsiz Ukraina bo‘lmaydi», dedi u. Tixanovskaya, shuningdek, u Ukraina tomonida yuzlab belaruslik ko‘ngillilar jang qilayotganidan faxrlanishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning rasmiy ittifoqchisi hisoblangan qo‘shni davlatdan kamida 18 nafar ko‘ngilli Ukrainani himoya qilishda halok bo‘lgan. 

Tixanovskaya Belarus partizanlarini ham eslatdi. «Faqat 2022 yilda Belarus temiryo‘l partizanlari rus qo‘shinlarini to‘xtatish uchun 80 ta qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirdi», dedi Belarus prezidentligiga sobiq nomzod. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiyaning genotsid urushini qo‘llab-quvvatlovchi (Aleksandr) Lukashenko rejimi va ukrainaliklar bilan birgalikda jangari imperiyani daf etayotgan belarus xalqini farqlash muhim». 

Mart oyi boshida Minsk shahar sudi Svetlana Tixanovskayani sirtdan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Tergov unga bir vaqtning o‘zida o‘nta ayblov qo‘ydi: unvon va hokimiyatni ruxsatsiz tortib olish, milliy xavfsizlikka qarshi harakatlarda xorijiy davlatga yordam berish, hokimiyatni egallab olish uchun fitna uyushtirish, nafrat uyg‘otish, ekstremistik tuzilma yaratish, MSK ishiga to‘sqinlik qilish va boshqalar. 

Mavzuga oid
Top