21:58 / 26.04.2023
22057

Zelenskiyning urush boshidan buyon Si bilan ilk muloqoti. Bu nima uchun muhim?

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xitoy rahbari Si Jinping bilan «uzoq va mazmunli» telefon muloqoti o‘tkazilganini ma’lum qildi. Bu tomonlarning Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon ilk bor aloqa qilishi bo‘ldi, bu muloqot XXR raisining mart oyida Moskvaga amalga oshirgan tashrifidan buyon kutilayotgandi. Xitoyning o‘z tinchlik tashabbusi bor, Kiyev unga vazminlik bilan yondashadi, G‘arb esa - shubha bilan qaraydi.

Volodimir Zelenskiy Si Jinping bilan muzokaralar chog‘ida «Ukraina uchun adolatli va barqaror tinchlik o‘rnatish» masalasi muhokama qilingani haqida aytdi. 

«Hech kim Ukraina xalqichalik tinchlik istamaydi. Biz — o‘z yerimizdamiz va o‘zimizni himoya qilishga bo‘lgan ajralmas huquqimizdan foydalangan holda kelajagimiz uchun kurashyapmiz. Tinchlik xalqaro huquq tamoyillari va BMT Nizomiga hurmat asosida, adolatli va barqaror bo‘lishi kerak. Hududiy yon berishlar orqali tinchlikka erishib bo‘lmaydi. Ukrainaning hududiy yaxlitligi 1991 yilgi chegaralarda tiklanishi kerak», — deya yozdi Zelenskiy o‘z telegram-kanalida.

U shuningdek, ushbu qo‘ng‘iroq, Ukrainaning Xitoydagi elchisi tayinlanishi kabi o‘zaro munosabatlar rivojiga katta turtki berishiga ishonch bildirgan.

Ko‘p o‘tmay Zelenskiy Pavel Ryabikinni Ukrainaning Xitoydagi yangi elchisi etib tayinlangani ma’lum bo‘ldi. Ryabikin muqaddam strategik sanoat vaziri sifatida ishlagan.

AFP agentligi yozishicha, Pekin ushbu telefon muloqoti Ukraina tomoni tashabbusi bilan o‘tkazilganini ma’lum qilgan.

Ukraina va Xitoy rahbarlari telefon orqali gaplashishini XXR raisining Moskvaga amalga oshirgan uch kunlik tashrifidan keyin kuta boshlashgandi, bu yerda u RF prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazgandi.

Si Jinping Ukrainadagi urush boshidan buyon ilk bor prezident Zelenskiy bilan gaplashmoqchi ekani haqida Wall Street Journal nashri uning Moskvaga tashrifidan ham oldinroq yozgandi.

Tashrif 20-22 mart kunlari amalga oshirildi. Mart oyi oxirida Financial Times Yevropa Ittifoqi Si Jinpingni Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazishga ko‘ndirishga urinayotgani haqida xabar bergandi. Nashr manbasi qayd etishicha, Xitoyning Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishdan manfaatdorligi ijobiy signal sifatida baholanishi kerak.

Zelenskiyning o‘zi mart oyida Yomiuri Shimbun gazetasiga bergan intervyusida diplomatik kanallar orqali XXR raisi bilan muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha taklif yuborganini aytgandi. Aprel oyi boshida Xitoy rahbari Ukraina prezidenti bilan gaplashishga tayyorligini aytdi.

Reuters agentligi yozishicha, bugun Xitoy davlat nashrlari Si Zelenskiyga Pekin Ukrainaga maxsus delegatsiya yuborishga va tinchlikka intiluvchi barcha tomonlar bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini aytgan.

Shu vaqtga qadar Pekin Rossiya bosqini masalasida betaraf pozitsiya namoyish etishga harakat qilib kelardi. Si Jinping - urushni qoralashdan tiyilgan eng nufuzli siyosatchi hisoblanadi. Fevral oyida u Ukraina uchun 12 banddan iborat tinchlik rejasini taqdim etgandi, G‘arb bu tashabbusni shubha bilan qarshi olgan, Ukraina esa bunga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lgan.

Xitoy davlat nashrlariga ko‘ra, Si Jinping Zelenskiy bilan suhbatda Xitoy o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirishga intilishini aytgan.

«BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zosi va mas’uliyatli yirik davlat sifatida, biz qo‘l qovushtirib o‘tirmaymiz, olovga moy sepmaymiz va ayniqsa undan foyda chiqarib olishga harakat qilmaymiz», degan xitoyliklar yetakchisi.

Xinhua agentligi xabar berishicha, Xitoy «mojaroga yechim topish» bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Ukraina maxsus vakilini yuboradi. Xitoy o‘z bayonotida Ukrainadagi urushni aynan «mojaro» deb atagan. Ukrainaga yuboriladigan maxsus vakil esa XXRning Rossiyadagi sobiq elchisi Li Huey bo‘ladi.

Si Jinping hech qachon Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinini qoralamagan. Foto: Reuters

Yevropada do‘st orttirishga urinishmi?

BBC Xitoy xizmati vakili Hovard Chjanning sharhi

Xitoy rasmiy nashrlari telefon muloqoti tafsilotlarini keltirmagan holda yakdillik bilan Si Jinpingning «vaziyatni nazoratga olgani»ni alqamoqda, shuningdek Xitoyning «betarafligi» ta’kidlanmoqda.

Ammo, Xitoyning rasmiy hisobotlarini o‘qiganda, bitta muhim xususiyat ko‘zga tashlanadi - nozik, ammo sezilarli: Ukraina va uning prezidenti haqida gapirganda, ochiqdan ochiq salbiy xulosalar yo‘qligi.

Ukraina yana «strategik hamkor»ga, Zelenskiy esa - ikki tomonlama munosabatlarga «doimo diqqat bilan qaraydigan» prezidentga aylandi. Shuningdek, Si Jinping ilk marta urushning ilk kunlarida Xitoy fuqarolari evakuatsiyasida ko‘rsatilgan yordam uchun Ukrainaga minnatdorchilik bildirgani qayd etilgan.

Bu esa urush boshida Xitoy nashrlarida Ukraina va prezident Zelenskiyga ko‘rsatilgan munosabatdan tubdan farq qiladi.

Rossiya bosqinidan keyin Xitoy rasmiy nashrlari amalda Moskvaning nuqtayi nazari va narrativlarini efirga uzatgandi - rossiyaliklarning bombalari Ukrainaning qurol-yarog‘ omborlarini naqadar muvaffaqiyatli yo‘q qilayotganidan tortib, milliy qo‘llab-quvvatlov eskalatsiyani qanchalik kuchaytirayotganigacha. Xitoy ijtimoiy tarmoqlari ham G‘arbga qarshi shiorlar bilan to‘lib toshgandi.

Rasmiy ohangning o‘zgarishi Si hukumatining Yevropada «do‘stlar orttirish»ga qaratilgan «buyuk diplomatik yurishi»ga mos keladi.

Shuningdek, bu telefon muloqoti Xitoyning Fransiyadagi elchisi sobiq sovet respublikalari suverenitetini shubha ostiga olib ko‘targan shov-shuv ortidan bo‘lib o‘tdi.

Telefon muloqoti shu mojarodan keyingi diplomatik zararni qoplash uchunmi? Si amalda ham «vaziyatni nazoratga olishi» mumkinmi? Shubhasiz, butun dunyo buni katta qiziqish bilan kuzatib turadi.

G‘arb mamlakatlari hisoblashicha, Xitoyning tinchlik tashabbuslari Ukraina uchun juda mavhum ko‘rinadi va urushdan chiqishning muayyan yo‘lini o‘z ichiga olmagan, shuningdek, Putin tomonidan o‘zi uchun qulay sulhga erishish uchun qo‘llanishi (rus qo‘shinlari o‘zi bosib olgan hududlar ustidan nazoratni saqlab qolgan holda) mumkin.

Moskvaga Xitoyning vositachiligi ma’qul.

Zelenskiyning Si Jinping bilan telefon muloqoti yuzasidan izoh berar ekan, Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova «Xitoy tomoni muzokaralar jarayonini yo‘lga qo‘yish uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyorligi»ni qayd etgan. Uning fikricha, Rossiyaning mojaroga yondashuvi bilan Xitoyning 24 fevral kuni - urushning bir yilligida e’lon qilingan tinchlik tashabbusi o‘rtasida «keng uyg‘unlik» mavjud.

Zelenskiyning matbuot kotibi Nikiforov ham Ukraina va Xitoy tinchlik rejalaridagi «tutash nuqtalar» haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap yadro qurolidan foydalanmaslik va uni tarqatmaslik, shuningdek, yadroviy inshootlar xavfsizligini ta’minlash haqida ketmoqda.

«Ushbu kesishish nuqtalaridan bu muloqotni rivojlantirishni boshlash mumkin. Xitoy tinchlikni tiklashdan manfaatdor ekani ham yoqimli», deya qayd etgan u.

Ukraina hukumati anchadan buyon Pekinni urushni tugatishga yordam berish uchun Rossiyaga bo‘lgan ta’siridan foydalanishga undab kelardi.

Xitoy endi Yevropa sotib olmaydigan Rossiya neftining eng yirik xaridoriga aylangan va G‘arbning Moskvaga qo‘llagan sanksiyalariga qarshi chiqqan, shu bilan birga Rossiyaning Ukrainaga bosqinini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlashdan tiyilgan.

AQSh so‘nggi oylarda Xitoy Rossiyaga qurol yoki o‘q-dori yetkazib berishni boshlashi mumkinligidan xavotir bildirayotgandi. Pekin esa bir necha bor bunday rejalari yo‘qligini ma’lum qilgandi.

Murosaga kelishmi yoki g‘alaba?

BBC’ning Ukrainadagi korrespondenti Jyeyms Uoterhaus mazkur telefon muloqotining ahamiyati haqida:

Bir oy oldin prezident Zelenskiy Si Jinping bilan gaplashmoqchi ekani va hatto uni Moskvada Vladimir Putin bilan kechadigan uchrashuvdan keyin Kiyevga kelishga taklif qilganini aytgandi. Ammo Xitoy rahbari zarurat bo‘lmasa hech qachon bunday safarlarni amalga oshirmagan.

Pekin Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralashdan bosh tortgan va buning o‘rniga ushbu mamlakat bilan iqtisodiq aloqalarni yanada mustahkamlagandi. Endi, aftidan, bu davlat o‘zi bilan aloqalarni mustahkamlashga umid qilayotgan Kiyev bilan muloqot qilishga ham tayyor.

Ammo ular o‘rtasida urushni qanday tugatish bo‘yicha ulkan mafkuraviy tafovut mavjud. Pekin siyosiy murosaga erishmoqchi, Kiyev esa harbiy g‘alabani xohlaydi. Shunga qaramay, prezident Zelenskiy bu qo‘ng‘iroq Rossiya bosqinini qo‘llab-quvvatlash darajasiga putur yetkazishiga umid qiladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top