23:50 / 27.04.2023
12212

Hindistonda ishlab chiqarilgan zaharli sirop Tinch okeani orollarida topildi 

Yo‘talga qarshi Guaifenesin TG siropi namunalarida dietilenglikol va etilenglikol miqdori me’yordan ortiq ekani aniqlangan. 

Foto: REUTERS/Ajeng Dinar Ulfiana/Illustration

Tinch okeanidagi Marshall orollari va Mikroneziyada hind kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi zaharli siropi topildi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) tayanib Reuters xabar berdi. 

JSST bayonotida Marshall orollari yoki Mikroneziyadagi bolalar kasallangani yoki o‘limi haqida ma’lumot keltirilmagan. 

2022 yil oxirida Hindistonda ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi siroplardan Gambiya, Indoneziya va O‘zbekistonda 5 yoshgacha bo‘lgan o‘nlab bolalar vafot etgan edi. 

JSST bayonotiga ko‘ra, Guaifenesin TG yo‘tal siropi namunalarida dietilenglikol va etilenglikol miqdori me’yordan ortiq ekani aniqlangan. Ularning ikkalasi ham iste’mol qilingan taqdirda odamlar uchun zaharli va o‘limga olib kelishi mumkin. Zaharli moddalar Avstraliyaning nazorat qiluvchi organi Therapeutic Goods Administration (TGA) tomonidan aniqlangan. 

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, siroplar Hindistonning Panjob shtatida joylashgan QP Pharmachem Ltd kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va Haryana shtatida joylashgan Trillium Pharma kompaniyasi tomonidan eksport qilingan. Har ikkala kompaniya ham o‘z mahsulotlarining xavfsizligi va sifati bo‘yicha JSSTga kafolat bermagan. 

Ammo QP Pharmachem kompaniyasi boshqaruv direktori Sudhir Pathak so‘zlariga ko‘ra, eksport qilingan siroplarda zaharli moddalar yo‘q. 

«Biz ularning tarkibini tekshirdik va qoniqarli deb topdik. Shuningdek, nazoratchi idora ham buni qoniqarli deb hisobladi», dedi u. 

Pathak shuningdek, sirop Hindistonda ham tarqatilayotganini va kompaniyaga hozircha hech qanday shikoyat kelib tushmaganini aytdi. 

Pathak so‘zlariga ko‘ra, QP Pharmachem Hindiston hukumatidan faqat Kambojaga 18 ming shisha sirop eksport qilish uchun ruxsat olgan. Mahsulot Marshall orollari va Mikroneziyaga qanday yetib borgani noma’lum. 

JSST bayonotiga ko‘ra, mamlakatlar zaharli dorilarni aniqlash uchun nazoratni kuchaytirishi kerak. Sifatsiz dori-darmonlarni aniqlash bo‘limi rahbari Rutendo Kuvana so‘zlariga ko‘ra, tashkilot dorilarni sinab ko‘rishda yordam berish uchun mamlakatlar bilan hamkorlik qilmoqda. 

«Biz namunalar yig‘ib, ularni sinab ko‘rishga harakat qilmoqdamiz», dedi u. 

Top