07:35 / 29.04.2023
4810

O‘zbekiston paxtaning ko‘p sug‘orishni talab etmaydigan navlarini ishlab chiqmoqchi

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi ishchi guruhi a’zolari  va innovatsion urug‘chilik bo‘yicha Ispaniyaning yetakchi kompaniyalari Eurosemillas va Gedepsa vakillari o‘rtasida videomuloqot shaklida muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Kun.uz

Uchrashuvda innovatsion urug‘chilik va yangi paxta navlarini yaratish  bo‘yicha Ispaniya tajribasini o‘rganish, tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Eurosemillas kompaniyasi ijrochi menejyeri Xose Mariya Fontan hamda paxtachilik yo‘nalishi bo‘yicha bosh texnolog Bernardo Kastro O‘zbekiston tomoniga paxtachilik yo‘nalishida olib borayotgan faoliyat, ekstremal ob-havo haroratlariga, suvsizlikka hamda zararkunandalarga chidamli yangi paxta navlarini yaratishda erishilgan yutuqlar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazishdi.

O‘z navbatida, Genomika va bioinformatika markazi direktori Zabardast Bo‘riyev va Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktorining o‘rinbosari Shodmon Namozov ispan vakillarini O‘zbekistonda paxtachilik sohasini rivojlantirish  bo‘yicha ko‘rilayotgan ishlar  bilan tanishtirdi. Xususan, mamlakat rahbariyati tomonidan so‘ngi yillarda iqlimning keskin o‘zgarishi sababli hududda suvsizlik va sho‘rlanish oqibatida paxtaning yangi, ekstremal haroratlarga chidamli, ko‘p sug‘orishni talab etmaydigan navlarini yaratish, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda ilmiy izlanishlar olib borishga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Muzokaralar natijasida O‘zbekiston paxtachilik sohasi vakillari delegatsiyasining Ispaniyaga ishchi safarini tashkil etish va safar  davomida  paxtachilik yo‘nalishida  yuqori natijalarga erishgan  innovatsion ispan kompaniyalari faoliyatini ko‘zdan kechirish hamda ilmiy-tadqiqot natijalari bilan bevosita tanishtirish yuzasidan  kelishib olindi.

Mavzuga oid
Top