18:24 / 30.04.2023
26289

«Uman uchun Xudoning jazosi». Qrimdagi strategik muhim neft omboridagi yong‘in haqida nimalar ma’lum?

Ukraina qurolli kuchlarida Sevastopoldagi neft bazasidagi yong‘inni qarshi hujumga «tayyorgarlik elementlaridan biri» deb atashdi.

Shanba kuni Ukrainaning 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Sevastopol shahrida joylashgan neft bazasida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Anneksiya qilingan Qrimning Moskvadan tayinlangan rahbariyati Kazachya buxta mikrorayonida joylashgan omborga Ukraina dronlari hujumi amalga oshirilganini ma’lum qildi. Kiyevda esa bu ishni ukrainaliklar qilgani haqida gapirishmadi, ammo Qrimdagi harbiy obektlardan uzoqroq turishni tavsiya qilishdi.

Rossiya va Ukrainadagi Telegram-kanallar shanba kuni tong sahardan Qrimdagi yirik yong‘in haqida xabarlar e’lon qila boshlashdi. Keyinroq Sevastopoldagi favqulodda xizmatlar Kazachya buxtada yonilg‘i saqlanadigan 4 ta rezervuar yonayotganini tasdiqlab, yong‘in 2-3 ming kv.metr maydonni qamrab olganini bildirdi.

Neft omborida eng yuqori – to‘rtinchi darajali murakkablikdagi yong‘in sodir bo‘lgan. Uni bartaraf etish uchun Sevastopoldagi favqulodda vaziyatlar xizmatlarning barcha xodimlari jalb qilingan. Shuningdek, Qrimning boshqa hududlaridan yordamchi kuchlar chaqirilgan. Rossiya Qora dengiz flotidan ham yordam kelgan. Yong‘inni o‘chirish uchun 150 kishi 50 ta texnika bilan harakat qilgan.

Rossiyalik deputat Mixail Sheremet bu voqeani «odamlarni qo‘rqitishga qaratilgan» terakt deb atadi. Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbarlari yong‘in Ukraina dronlari hujumi oqibatida kelib chiqqanini aytishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in oqibatida hech kim jabrlanmagan, fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetmagan va odamlarni evakuatsiya qilish zarurati yuzaga kelmagan.

Qrimning Moskva tomonidan qo‘yilgan rahbari Sergey Aksenovning so‘zlariga ko‘ra, Sevastopolga dronlar hujumi amalga oshirilgan vaqtda Qrim osmonida bitta dron to‘xtatilgan va yana bittasi urib tushirilgan.

Shanba kuni Sevastopoldagi yirik yong‘in kadrlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi

Kiyevdagilar doimgidek bu ishga aloqasi borligi haqida ochiq bayonot bermay, buni «Umandagi o‘ldirilgan odamlar uchun Xudoning jazosi» deb atashdi.

«29 aprel kuni Sevastopolda Umanda o‘ldirilgan (xususan bolalar ham bo‘lgan) ukrainaliklar uchun Xudoning ruslarga jazosi o‘laroq portlash sodir bo‘ldi. Bu jazo hali uzoq davom etadi», dedi Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka tashkiloti rahbari Andrey Yusov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in oqibatida Rossiya Qora dengiz floti texnikalari uchun mo‘ljallangan 40 ming tonna neft mahsulotlari yonib ketgan.

Yong‘inni o‘chirish ishlariga FVVning yarimoroldagi barcha resurslari, shuningdek Rossiya Qora dengiz floti kuchlari jalb etilgan
MALGAVKO SeRGeY / TASS

Ukrainalik razvedkachi Sevastopoldagi portlashda Kiyevning aloqasi borligi haqida aniq gapirmagan, lekin Qrimdagi Rossiya harbiy obektlaridan uzoqroq turishni tavsiya qilgan. «Bosib olingan Qrimda yashayotganlarga bosqinchi armiya tomonidan moliyalashtiriladigan harbiy obektlardan uzoqroqda turish tavsiya qilinadi», degan Andrey Yusov.

Shanba kuni tongda Ukraina armiyasi bosh shtabi Qora dengiz floti va Sevastopol qal’asiga Ukraina bayroqlari ilinganiga 105 yil bo‘lgani haqida eslatma e’lon qilgandi. Bu Sevastopoldagi dronlar hujumi Ukraina tomonidan amalga oshirilganiga ishora deb tushunilmoqda.

Qora dengiz flotiga zarbalar

Yong‘inga eng yuqori murakkablik darajasi berildi. Foto: MIXAIL RAZVOZJAYeV

Kazachya Sevastopoldagi ikki ko‘rfazdan biri bo‘lib, shahar markazidan 15 km uzoqlikda joylashgan. Undan ancha vaqtdan buyon harbiy maqsadlarda foydalanib kelishadi. Bu hududda bir nechta harbiy qism bor (xususan, Qora dengiz floti piyoda askarlari) va Rossiya Qora dengiz floti harbiylarining oilalari istiqomat qiladi. Shuningdek, yaqin orada aerodrom ham joylashgan.

Ukrainalik harbiy ekspert Maksim Mayorov yonib ketgan neft bazasi Rossiyaning desant tashuvchi kemalarini suvga tushiruvchi texnikalarga juda yaqin joylashganiga e’tibor qaratgan. Bu hujum Rossiya Qora dengiz flotining 810-dengiz piyoda qo‘shinlari brigadasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni bu hujum nafaqat Rossiya armiyasi texnikalariga mo‘ljallangan yonilg‘i zaxirasini yo‘q qilish, balki Sevastopoldagi eng muhim harbiy obektlardan biriga zarba ham hisoblanadi.

«810-brigada bu omborni xuddi o‘zini himoya qilgandek mudofaa qilishi kerak edi. Uni havo hujumidan saqlash ham aynan shu brigadaning vazifasi bo‘lgan», deydi ekspert Mayorov.

Sevastopoldagi Rossiya Qora dengiz floti urush boshlangandan buyon birinchi marta hujum obektiga aylanayotgani yo‘q. Avgust oyidan buyon Qrimning Rossiya tomonidan qo‘yilgan rahbarlari Sevastopolda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlayotgani va dronlar hujumi haqida xabar berib kelishadi. Ukraina tomoni bu hujumlarga aloqadorligini rad etish barobarida Rossiya 2014 yilda egallab olgan Qrimni qaytib olish uchun u yerdagi harbiy obektlarga zarba berishga haqli ekanini bildirib keladi.

Qrim va Sevastopolda bir necha oydan buyon «sariq» darajali terrorchilik xavfi amalda. Bu esa hududdagi xavfsizlik darajasi juda pastligidan dalolat beradi.

Ukraina qurolli kuchlari axborot xizmati vakili Natalya Gumenyukning aytishicha, Sevastopoldagi neft omboriga amalga oshirilgan hujum Ukraina armiyasining qarshi hujumiga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilgan.

«Dushman logistikasiga zarba berish mudofaa kuchlarining kuchli harakatga tayyorgarligidan nishona. Va bu aynan ko‘pchilik kutayotgan keng ko‘lamli hujumga tayyorgarlik hisoblanadi», degan Gumenyuk.

Uning so‘zlariga ko‘ra neft omboridagi portlashdan keyin Rossiya harbiylarida chuqur xavotir boshlangan. Shu sabab ular o‘z oilalarini evakuatsiya qilishga tushib qolgan va o‘zlari ham imkon bo‘lishi bilan Qrimdan ketishmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top