11:38 / 05.05.2023
26763

O‘zbekiston hududiga nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi kutilyapti 

Bugun kunduz kuni O‘zbekiston hududining katta qismida havo kam bulutli, quruq va iliq bo‘lishi kutilmoqda, havo harorati +24...+29 daraja atrofida bo‘ladi. 

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kechga tomon Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida ba’zi joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublika shimolida havo harorati +18...+23 darajagacha pasayadi.

6 mayda respublika hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi havo harorati +18...+23 darajagacha pasayadi, bu may oyining boshi uchun bo‘lgan me’yordan 3-5 darajaga pastdir.

7 mayda respublika markaziy va sharqiy viloyatlari bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kechasi +8...+13 darajagacha pasayadi, kunduzi harorat +20...+25 daraja atrofida bo‘ladi. Respublikaning ayrim joylarida do‘l yog‘ishi mumkin.

5 mayda shimolda, janubda va cho‘l hududlarda, 6 mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda shamol 22-25 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 5-7 may kunlari vaqti-vaqti bilan momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Baland tog‘larda (2000 metrdan yuqorida) yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 5-7 may kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Poytaxtda bugun kunduz kuni havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol tezligi 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Kunduzgi havo harorati +25...+27 darajani tashkil etadi.

Shanba kuni kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 5-10 m/s tezlikda esadi, 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi +10...+12 daraja, kunduzi +20...+22 daraja bo‘ladi.

Yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +10...+12 daraja, kunduzi +22...+24 daraja bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top